1-modda. Atamalar
Havo qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 05.10.2009 · Amalda
1. Ushbu Bitimning maqsadlari uchun, agar matn boshqa izoh talab qilmasa:
a) “Konvensiya” atamasi 1944-yil 7-dekabrda Chikago shahrida imzolash uchun ochiq deb eʼlon qilingan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisida Konvensiyani anglatadi va ikkala Ahdlashuvchi Tomon qay darajada ratifikatsiya etgani hamda kuchga kirganiga qarab, Konvensiyaning 90-moddasiga muvofiq qabul qilingan har qanday Ilovalar, shuningdek Konvensiyaning 90 va 94-moddalariga muvofiq Konvensiyaga yoki uning Ilovalariga kiritilgan har qanday oʻzgartirishlarni oʻz ichiga oladi;
b) “aviatsiya maʼmuriyatlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasini yoki yuqorida qayd etilgan aviatsiya maʼmuriyatlari tomonidan hozirgi vaqtda bajarilayotgan vazifalar va oʻxshash funksiyalarni amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoki tashkilotni anglatadi va Oʻmon Sultonligiga nisbatan Transport va kommunikatsiya vazirini yoki qayd etilgan vazir tomonidan hozirgi vaqtda bajarilayotgan vazifalar va oʻxshash funksiyalarni amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoki tashkilotni anglatadi;
s) “kelishilgan qatnovlar” atamasi yoʻlovchi, yuk va pochta tashuvlarini alohida yoki birgalikda bajarish uchun mazkur Bitimning Ilovasida tasdiqlangan yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladigan muntazam havo qatnovlarini anglatadi;
d) “Bitim” atamasi mazkur Bitimni, uning Ilovasini va ularga kiritilgan har qanday oʻzgartirishlarni anglatadi;
e) “tayinlangan aviakorxona” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni xabardor qilgan holda tayinlagan mazkur Bitimning Ilovasida koʻrsatilgan tasdiqlangan yoʻnalish yoki yoʻnalishlar boʻyicha parvozlarni amalga oshiradigan aviakorxonani anglatadi;
f) “hudud”, “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijoriy maqsadlarda toʻxtash” atamalari Konvensiyaning 2 va 96-moddalarida mazkur atamalar uchun koʻrsatilgan maʼnolarni anglatadi;
g) “tarif” atamasi agentliklar xizmati uchun toʻlanadigan haq va shartlarni oʻz ichiga olgani holda yoʻlovchilar, yoʻlovchilarning yuki va yuklarni tashish uchun toʻlanadigan qiymatni hamda ana shu qiymatlarni qoʻllash shartlarini, jumladan shu havo tashuvlarini amalga oshirish chogʻida tashuvchi tomonidan koʻrsatiladigan barcha boshqa yordamchi xizmatlar uchun belgilangan qiymat va shartlarni anglatadi; pochtani tashish shartlari va unga toʻlanadigan vositachilik haqlari bundan mustasno;
