Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 274-F-son farmoyishi (274-F-son)
28.05.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga asosan Qirgʻiziston Respublikasiga koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida:
1. Qirgʻiziston Respublikasiga oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy buyumlar shaklidagi insonparvarlik yordami 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha yuborilsin.
2. “Oʻzdonmahsulot” AKning “Qoʻrgʻontepa don mahsulotlari” AJ insonparvarlik yordami yukini shakllantirish punkti (keyingi oʻrinlarda — shakllantirish punkti) va yuk joʻnatuvchi etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi insonparvarlik yuki yetkazib berilishi uchun masʼul etib belgilansin.
4. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ “Oʻzdonmahsulot” AKning “Qoʻrgʻontepa don mahsulotlari” AJ hamda “Oʻzkimyosanoat” AJning “Navoiazot” AJ buyurtmalariga asosan kerakli miqdordagi vagonlarni ajratsin va insonparvarlik yordami yukining belgilangan manzilga (Qirgʻiziston Respublikasi, Oʻsh shahri) yetkazib berilishini taʼminlasin.
5. Belgilansinki:
insonparvarlik yordami yukining tannarxi, uni qadoqlash, shakllantirish punktiga hamda belgilangan manzilga yetkazib berish bilan bogʻliq xarajatlar 2-ilovaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga;
insonparvarlik yordami yukini tashish bilan bogʻliq transport xarajatlari va tariflar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning asosiy faoliyatidan tushadigan mablagʻlar hisobiga qoplanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston tomonining insonparvarlik yordami koʻrsatish niyati toʻgʻrisida Qirgʻiziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini belgilangan tartibda xabardor qilsin, shuningdek, insonparvarlik yuki yetkazib beriladigan punktni va uni topshirish bilan bogʻliq boshqa tashkiliy masalalarni kelishsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi ushbu farmoyishga muvofiq davlat zaxiralaridan chiqarilgan moddiy boyliklarning oʻrni belgilangan tartibda toʻldirilishini nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari insonparvarlik yukining yetkazilishi va topshirilishida ishtirok etadigan Oʻzbekiston Respublikasi vakillariga chiqish hujjatlari tezkor rasmiylashtirilishini hamda insonparvarlik yuki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan toʻsiqlarsiz oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi joʻnatilayotgan yukning bojxona deklaratsiyasi hamda karantin nazorati va fitosanitariya guvohnomalari bepul rasmiylashtirilishini taʼminlasinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va “Dunyo” axborot agentligi Qirgʻiziston Respublikasiga insonparvarlik yordami koʻrsatish boʻyicha ishlar ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, elektron ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasinlar.
11. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirning maslahatchisi — Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari A.X. Qoʻldoshev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 28-may,
274-F-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 274-F-son farmoyishiga 1-ILOVA
Qirgʻiziston Respublikasiga insonparvarlik yordami sifatida yuboriladigan oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy buyumlar
ROʻYXATI
T/r Tashkilot nomi Mahsulot nomi Oʻlchov birligi Miqdori 1. “Oʻzdonmahsulot” AK un* tonna 1 000,0 2. “Oʻzkimyosanoat” AJ suyuq natriy gipoxloridi tonna 60,0 3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi bir marotabalik qoʻlqoplar (sterillangan) dona 5 000,0 4. “Madaniyat tekstil koʻp tarmoqli” MChJ bir marotabalik bosh kiyimli himoya kombinezoni (1-darajali) dona 2 500,0 5. “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bir marotabalik tibbiy yuz niqobi dona 5 000
* Un “Qoʻrgʻontepa don mahsulotlari” AJ omborlaridan unning davlat resurslari hisobidan yetkazib beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi 274-F-son farmoyishiga 2-ILOVA
Qirgʻiziston Respublikasiga insonparvarlik yordami yukining tannarxi, uni qadoqlash, shakllantirish punktiga hamda belgilangan manzilga yetkazib berish bilan bogʻliq
XARAJATLAR SMETASI
T/r Tashkilot nomi va xarajatlar turi Dastlabki hisob-kitoblar Summasi* 1. “Oʻzdonmahsulot” AK 2 487 789 000,0 soʻm 1.1 Un mahsulotining shakllantirish punktiga yetkazib berish xarajatlari bilan birgalikdagi narxi** 1 000 000,0 kg x 2 487,789 soʻm 2 487 789 000,0 soʻm 2. “Oʻzkimyosanoat” AJ 91 200 000,0 soʻm 2.1 Suyuq natriy gipoxloridining shakllantirish punktiga yetkazib berish xarajatlari bilan birgalikdagi narxi 60,0 tonna x 1 520 000,0 soʻm 91 200 000,0 soʻm 3. “Madaniyat tekstil koʻp tarmoqli” MChJ 116 645 000,0 soʻm 3.1 Bir marotabalik bosh kiyimli himoya kombinezonining shakllantirish punktiga yetkazib berish xarajatlari bilan birgalikdagi narxi 2 500 dona x 46 658,0 soʻm 116 645 000,0 soʻm 4. “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi 11 250 000,0 soʻm 4.1 Bir marotabalik tibbiy yuz niqoblarining shakllantirish punktiga yetkazib berish xarajatlari bilan birgalikdagi narxi 5 000 dona x 2 250,0 soʻm 11 250 000,0 soʻm 5 “Qoʻrgʻontepa don mahsulotlari” AJ 10 706,0 AQSh dollari 5.1 “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning “Oʻzbektemiryoʻlekspeditsiya” UK bilan shartnomasi asosida Qirgʻiziston Respublikasi hududida temir yoʻl orqali yuk tashish xarajatlari 1 060,0 tn x 10,1 AQSh dollari 10 706,0 AQSh dollari Jami: 2 706 884 000,0 soʻm 10 706,0 AQSh dollari
* Mablagʻlar amalga oshirilgan haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib, tasdiqlovchi hujjatlarga asosan ajratiladi.
** Un narxi “Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi” AJning 2020-yil 13-apreldan 17-aprelgacha boʻlib oʻtgan birja savdolari natijasida shakllangan narxlarda belgilanmoqda.
