Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-maydagi 267-F-son farmoyishi (267-F-son)
26.05.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
farmoyishi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlik I” koni negizida “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish toʻgʻrisida” 2017-yil 1-martdagi PQ-2807-son qarori ijrosini taʼminlash hamda “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasining amalga oshirilishini jadallashtirish maqsadida:
1. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — “Olmaliq KMK” AJ) tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish va uning joriy faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha doimiy ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — ishchi guruh) faoliyat yuritayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Olmaliq KMK” AJning raqobatbardoshligini va mavjud ishlab chiqarish hajmlarni oshirish, yangi quvvatlarni yaratish maqsadida quyidagi ustuvor vazifalarni nazarda tutadigan 2020 — 2024-yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
asosiy koʻrsatkichlar, bosqichlar va quriladigan obyektlar tarkibini belgilash;
investitsiya loyihasini amalga oshirish davomida yuzaga keladigan xavf-xatarlarni baholash va ularni kamaytirish;
oʻzlashtiriladigan mablagʻlarning dastlabki qiymatini va moliyalashtirishning prognoz manbalarini aniqlash;
investitsiya loyihasini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini belgilash;
investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan tizimli ravishda monitoring olib borish va nazorat oʻrnatilishining taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish.
3. 2020 — 2024-yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasining ijrosini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi” ) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlari zimmasiga “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tegishli chora-tadbirlarning toʻla hajmda va belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Ishchi guruh (Ishmetov, Ortiqov) va “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov):
masʼul vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning toʻla hajmda va belgilangan muddatlarda bajarilishini;
zaruratga koʻra loyiha amalga oshirilishining barcha bosqichlarida tegishli hujjatlarni (texnik reglamentlarni tayyorlash, shartnomalar tuzish, qurilish, montaj qilish, ishga tushirish hujjatlari va boshqalar) ekspertizadan oʻtkazish, loyiha boʻyicha xavf-xatarlarni baholash hamda uni kuzatib borish maqsadida xalqaro yetakchi kompaniyalar belgilangan tartibda jalb qilinishini taʼminlasin.
6. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov va “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi A.X. Xursanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 26-may,
267-F-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-maydagi 267-F-son farmoyishiga 1-ILOVA
2020 — 2024-yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish
STRATEGIYASI
Mamlakatimizda rangli va nodir metallarni ishlab chiqaruvchi asosiy korxona sifatida oʻzining 70 yillik tarixiga ega boʻlgan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — “Olmaliq KMK” AJ) rangli metallurgiya bayroqdori hisoblanadi. “Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish quvvatlari Toshkent, Surxondaryo, Namangan va Jizzax viloyatlarida joylashgan mis-molibden, qoʻrgʻoshin-rux, oltin va kumush konlariga asoslanadi.
Hozirda “Olmaliq KMK” AJda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish boʻyicha bir qator yirik ishlar amalga oshirilmoqda, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlik I” koni negizida “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish toʻgʻrisida” 2017-yil 1-martdagi PQ-2807-son qaroriga muvofiq “Olmaliq KMK” AJ tomonidan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) amalga oshirilmoqda.
Investitsiya loyihasi doirasida jalb qilinishi rejalashtirilayotgan Toshkent viloyati, Olmaliq shahri atrofidagi qazilma boyliklarni puxta oʻrganib chiqish maqsadida 2019-yilning iyul oyida “SRK Consulting” xalqaro ixtisoslashtirilgan kompaniyasi tomonidan oltin-mis konlari kon-geologiya zaxiralarining dastlabki texnik-iqtisodiy tahlili oʻtkazildi.
Tahlil natijalariga koʻra quyidagi xulosalarga kelindi:
zaxiralar boʻyicha shu kungacha mavjud boʻlgan tarixiy maʼlumotlar toʻgʻri va Olmaliq shahri atrofidagi foydali qazilmalar zaxiralari dunyodagi eng yirik oltin-mis konglomeratlaridan biri (Moʻgʻilistonning Oyuu-Tolgoy konlaridan keyin ikkinchi) hisoblanishi;
oltin-mis rudasining umumiy zaxirasi hajmi 17,0 mlrd tonnadan, xususan, tasdiqlangan zaxiralari — 2,3 mlrd tonna, taxminiy zaxiralar — 14,7 mlrd tonnadan koʻproqni tashkil etishi;
oʻtkazilgan laboratoriya tahlillariga koʻra taxminan 44 mln tonna mis, 5,7 ming tonna oltin, 36,5 ming tonna kumush, bundan tashqari molibden — 832,5 ming tonna, shuningdek, reniy va boshqa nodir metallar mavjudligi oʻz tasdigʻini topdi.
“SRK Consulting” kompaniyasi oʻz xulosasida 2023-yildan boshlab Olmaliq shahri atrofidagi rudali konlarni yiliga 100 mln tonna, xususan “Yoshlik I” konida 60,0 mln tonna (keyinchalik 74,0 mln tonnaga yetkazish imkoniyati bilan) va Qalmoqir konida 40,0 mln tonna (hozirgi kunda Qalmoqir konida yiliga 34,0 mln tonna ruda qazib olinadi) ruda qazib olish orqali oʻzlashtirishni tavsiya etgan.
Bugungi kunda investitsiya loyihasi doirasida 233,0 mln dollaridan ziyod qiymatdagi yuqori unumli togʻ-kon texnikasi xarid qilindi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 70,6 mlrd soʻmdan ziyod qiymatdagi texnikalar, 5,0 mlrd soʻmlik elektr asbob-uskunalari yetkazib berildi.
Obyektda qurilish-montaj, togʻ-kon va qazish ishlari olib borilmoqda. Investitsiya loyihasi boshlanganidan buyon jami 41,4 mln kub metrdan ziyod hajmda qazish ishlari bajarildi. Agar 2017-yilda 3,2 mln kub metr qazish ishlari amalga oshirilgan boʻlsa, 2020-yilning yanvar-fevral oylarida 4,2 mln kub metrdan koʻproq qazish ishlari bajarildi (2020-yilda bajariladigan ishlar hajmi 25 mln kub metrni tashkil etadi).
2020-yil oxiriga qadar investitsiya loyihasi doirasida oʻzlashtiriladigan investitsiyalarning umumiy hajmi 225,2 mln dollariga teng boʻlishi kutilmoqda.
Investitsiya loyihasi doirasida quyidagi obyektlar qurilishi rejalashtirilgan:
a) yiliga 74 mln tonna ruda qazib olish quvvatiga ega boʻlgan “Yoshlik I” togʻ-kon kompleksi;
b) yiliga 60,0 mln tonna rudani qayta ishlash imkoniyatiga ega boʻlgan 3-son mis boyitish fabrikasi va mis boyitish jarayoni qoldiqlarini saqlash obyekti;
v) mis eritish zavodi obyektlari:
soatiga 55,0 ming kub metr texnik kislorod ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan kislorod stansiyasi;
2-son mis eritish (Vanyukov) pechi;
konverterlash boʻlimi;
anodlash boʻlimi;
yiliga 275,0 ming tonna mis katodi ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan mis elektroliz sexi;
yiliga 1 200,0 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi;
g) kuniga 1 000,0 tonna ohak ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan Ohak zavodi;
d) tashqi elektr tarmogʻi obyektlari.
1-bob. Investitsiya loyihasini amalga oshirishning ustuvor vazifalari va asosiy prinsiplari
1. 2020 — 2024-yillarda “Olmaliq KMK “AJ tomonidan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasi keyingi oʻrinlarda — Strategiya) quyidagi ustuvor vazifalarni belgilaydi:
investitsiya loyihasini amalga oshirishning asosiy prinsiplari;
asosiy koʻrsatkichlar, bosqichlar va quriladigan obyektlar tarkibini belgilash;
investitsiya loyihasini amalga oshirish davomida yuzaga keladigan xavf-xatarlarni baholash va ularni kamaytirish;
oʻzlashtiriladigan mablagʻlarning dastlabki qiymati va moliyalashtirishning prognoz manbalarini aniqlash;
investitsiya loyihasini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini belgilash;
investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan tizimli ravishda monitoring olib borish va nazorat oʻrnatishning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish.
2. 2020 — 2024-yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasining tashkiliy sxemasi ushbu Strategiyaga 1-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar investitsiya loyihasini amalga oshirishning asosiy prinsiplari hisoblanadi:
qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisoboti Avstraliya kodeksi (JORC Code) standartlariga muvofiq zaxiralarni hisoblash.
qimmatbaho, rangli va nodir metallarni qazib olishni oshirish natijasida mis katodi, oltin, kumush, rux va nodir metallarni ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish;
odamlar va atrof-muhitni ishlab chiqarishda yuzaga keladigan zaharli moddalar va gazlarning zararli taʼsiridan himoya qilish;
yangi ish oʻrinlari yaratish orqali Olmaliq shahri va Toshkent viloyati aholisining bandlik darajasini oshirish.
2-bob. Asosiy koʻrsatkichlar, bosqichlar va quriladigan obyektlar tarkibini belgilash
4. Quyidagilar 2020 — 2024-yillarda “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirishning asosiy koʻrsatkichlari hisoblanadi:
mis-molibden rudalarini qazib olish va qayta ishlashni yillik 35,0 mln tonnadan 100,0 mln tonnaga;
mahalliy xomashyo hisobidan ishlab chiqariladigan mis katodi hajmini 108,0 ming tonnadan 265,0 ming tonnaga;
oltin ishlab chiqarishni 15,0 tonnadan 31,0 tonnaga;
kumush ishlab chiqarishni 96,0 tonnadan 169,0 tonnaga koʻpaytirish.
Bundan tashqari, metallurgiya sohasidagi ilm-fanni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish hamda malakali kadrlarni tayyorlash orqali “Olmaliq KMK “AJning ishlab chiqarish quvvatlaridan xavfsiz foydalanish infratuzilmasini yaratishga erishiladi.
5. Asosiy koʻrsatkichlarga erishish uchun investitsiya loyihasi quyidagi 2-bosqichda amalga oshiriladi:
a) 1-bosqich — 2020 — 2023-yillarda rudalar va togʻ jinslarini ortish, yuklash va tashish liniyalari, maxsus texnika, temir yoʻl stansiyalari, elektr taʼminoti tarmoqlari, ichki yoʻllar tizimi, taʼmirlash bazalari, avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi va bevosita qazish maydonini oʻz ichiga olgan yiliga 74,0 mln tonna ruda qazib olish quvvatiga ega boʻlgan “Yoshlik I” togʻ-kon kompleksi barpo etiladi;
rudani qazib olish ochiq usulda portlatish ishlarini olib borish orqali amalga oshiriladi;
kon ishlarini loyihalash davomida togʻ-kon ishlarini rejalashtirish boʻyicha zamonaviy yondashuv hamda siklik oqim texnologiyalari (SOT-ruda, SOT-togʻ jismlari) qoʻllaniladi;
yiliga 60,0 mln tonna rudani qayta ishlash imkoniyatiga ega boʻlgan 3-mis boyitish fabrikasi va mis boyitish jarayonida hosil boʻladigan qoldiqlarni saqlash obyekti quriladi;
b) 2-bosqich — 2022 — 2024-yillarda mis eritish zavodining quyidagi obyektlari loyihalashtirilib quriladi va foydalanishga topshiriladi:
275,0 ming tonna mis ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan mis elektrolizi sexi;
1 200,0 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi;
55,0 ming kub metr kislorod ishlab chiqarish quvvatlari;
Bundan tashqari, yangi 2-eritish (Vanyukov) pechi quriladi, anod va konvertor boʻlimlari rekonstruksiya qilinib, kengaytiriladi.
3-bob. investitsiya loyihasini amalga oshirish davomida yuzaga keladigan xavf-xatarlarni baholash va ularni kamaytirish
6. Investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayonida quyidagi asosiy xatarlar mavjud:
a) makroiqtisodiy xavf-xatarlar:
koronavirus COVID-19 pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan global inqiroz asoratlari;
jahonda, shu jumladan investitsiya loyihasini amalga oshirishni moliyalashtirishda ishtirok etayotgan mamlakatlarda iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi;
eksportga yoʻnaltiriladigan asosiy tovarlarga jahondagi narxlarining keskin va uzoq muddatli pasayishi ehtimoli bilan bogʻliq holda iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi;
investitsiya loyihasini moliyalashtirishga jalb qilinadigan toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy kredit mablagʻlarining zarur hajmlari yetarlicha baholanmaganligi;
b) ijtimoiy xavf-xatarlar — mis boyitish jarayonida hosil boʻladigan qoldiqlarni saqlash va “Yoshlik I” koni qurilishi maydonlari uchun yerlarni olib qoʻyilishi va uy-joylari koʻchirilishi nazarda tutilgan aholi bilan ishlar yetarli darajada tashkil qilinmasligi natijasida ijtimoiy taranglik yuzaga kelishi tufayli investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatlari uzaytirilishi yoki toʻxtatib turilishi;
v) operatsion xatarlar:
qidiruv ishlari davomida yangi, avval kutilmagan man etuvchi yoki xavfli, shu jumladan, ekologik va suvni muhofaza qilish bilan bogʻliq omillarning aniqlanishi sababli tanlangan yer maydonini oʻzgartirish zarurati tufayli koʻzda tutilmagan xarajatlar;
investitsiya loyihasining referent obyekt sifatidagi optimal qiymatini taʼminlaydigan qonun hujjatlari va normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanishining kechiktirilishi sababli investitsiya loyihasi obyektlarini qurish qiymatining oshishi;
investitsiya loyihasi obyektlari uchun uskunalar yetkazib berish borasidagi jiddiy qiyinchiliklar;
g) siyosiy xavf-xatarlar — pudratchilarga, materiallar, asbob-uskunalar yetkazib beruvchilarga, moliya institutlariga nisbatan xalqaro sanksiyalar qoʻllanilishi.
7. Investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, shuningdek, xavf-xavflarni bartaraf etish va taʼsirining oldini olish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqish investitsiya loyihasi ishtirokchilarining muvaffaqiyatli ishlashi uchun muhim omildir.
4-bob. Oʻzlashtiriladigan mablagʻlarning dastlabki qiymatini va moliyalashtirishning prognoz manbalarini aniqlash
8. Investitsiya loyihasi amalga oshirilishi “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning oʻz mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mablagʻlari, mahalliy tijorat banklarining kreditlari, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va chet el banklarning Hukumat kafolatisiz toʻgʻridan toʻgʻri jalb qilinadigan kreditlari hisobiga moliyalashtirilishi nazarda tutiladi.
Dastlabki taxminiy hisob-kitoblarga koʻra investitsiya loyihasining umumiy qiymati jami 4 502,0 mln dollarni tashkil qiladi.
Investitsiya loyihasi amalga oshirilishi natijasida “Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish quvvatlari mis ekvivalentida 292 589,0 tonnaga (157,0 ming tonna mis, 16,0 tonna oltin va 73,0 tonna kumush) oshishi kutilmoqda. Natijada 1,0 tonna mis ekvivalentiga sarflanadigan kapital qoʻyilmalar hajmi 14 260,0 dollarga toʻgʻri kelmoqda. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan va amalga oshirilgan 12 ta yirik turdosh loyihalar (xar bir tonna mis birligiga oʻrtacha kapital sarfi 17 400,0 dollar) bilan solishtirilganda kapital qoʻyilmalar sarfi boʻyicha 6-oʻrinni (1-bosqich 2-oʻrinni) egallamoqda.
Investitsiya loyihasi doirasida 2020-yil 1-yanvarga qadar 330,0 mln dollardan ziyod mablagʻlar oʻzlashtirilgan boʻlsa, kelgusi davrlarda 4 172,0 mln dollar mablagʻ oʻzlashtirilishi rejalashtiriladi. Shu jumladan, investitsiya loyihasini amalga oshirishning:
1-bosqichida — 3 371,0 mln dollar;
2-bosqichida — 801,0 mln dollar mablagʻ oʻzlashtiriladi.
“Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasi doirasida amalga oshiriladigan kapital qoʻyilmalar sarfi va uning tarkibi ushbu Strategiyaga 2-ilovada keltirilgan.
Investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari “Giprotsvetmet” AJ (Rossiya) tomonidan tayyorlanadi, shu jumladan, 2020-yil 1-oktabrga qadar loyihaning I-bosqichi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKdan ekspertizadan oʻtkazilib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
5-bob. Investitsiya loyihasini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini belgilash
1-§. Investitsiya loyihasini amalga oshirish infratuzilmasini rivojlantirish
9. Investitsiya loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun Loyiha ofisini tashkil etish orqali “Olmaliq KMK “AJning joriy ishlab chiqarish faoliyati investitsiya loyihasini boshqarish funksiyalaridan ajratiladi.
Investitsiya loyihasini boshqarish maqsadida Loyiha ofisi tashkil etiladi. Shu bilan birga Loyiha ofisiga yuqori malakali hamda oʻxshash loyihalarda ish tajribasiga ega boʻlgan xorijiy mutaxassislar jalb etiladi.
Loyiha ofisiga quyidagi vazifalar yuklanadi:
investitsiya loyihasi boʻyicha barpo etilishi lozim boʻlgan barcha obyektlar boʻyicha tuziladigan shartnomalar yuzasidan Texnik topshiriqlarni ishlab chiqish;
Texnik topshiriqlarni ekspluatatsiya xizmati bilan kelishish;
tanlov (tender) savdolarini oʻtkazish orqali shartnomalar tuzish;
qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish hamda qabul qilish ishlarini amalga oshirish va boshqa vazifalar.
“Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini boshqarish sxemasi 3-ilovada keltirilgan.
10. Investitsiya loyihasining amalga oshirilishi, umumiy qiymati va muddatlariga taʼsir oʻtkazishi mumkin boʻlgan kelishuv, bitim va hujjatlarning kelishilishi hamda tasdiqlanishi taʼminlash maqsadida “Olmaliq KMK” AJning Kuzatuv kengashi qoshida Boshqaruv qoʻmitasi tashkil etiladi.
Boshqaruv qoʻmitasiga quyidagi vazifalar yuklanadi:
investitsiya loyihasining budjeti va amalga oshirish muddatlarini belgilash;
shartnomalar tuzilishi, tender va tanlov oʻtkazish tartibi va shartlarini tasdiqlash;
Loyiha ofisi javobgarligi chegaralarini belgilash;
“Olmaliq KMK” va Loyiha ofisi hamda Buyurtmachi muxandislari oʻrtasida yuzaga keladigan kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish va hal etish;
davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va boshqalar.
11. Moliyalashtirishni tashkil etish maqsadida banklar va xalqaro eksport-sugʻurta agentliklari talablariga toʻliq javob beradigan moliyalashtirish modeli ishlab chiqiladi.
Investitsiya loyihasining moliyalashtirish modelini ishlab chiqish uchun auditorlik kompaniyalari “Katta toʻrtligi”ga kiruvchi hamda auditorlik va konsalting xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashgan “Deloyt” kompaniyasi jalb qilinadi.
Investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi (TIA) “Giprotsvetmet” AJ (Rossiya Federatsiyasi) tomonidan ishlab chiqiladi. 1-bosqichda Konditsiyalar TIA ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasiga taqdim qilinadi. Natijada mavjud zaxiralar tasdiqlanib, kondan foydalanish va ruda qazib olish uchun litsenziya olinadi.
12. Qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisoboti Avstraliya kodeksi (JORC Code) standartlariga muvofiq zaxiralarni hisoblash ishlari xalqaro nufuzga ega boʻlgan “SRK Konsulting” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
13. Investitsiya loyihasi uzluksiz texnologik ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash uchun tanlov asosida tegishli malaka va koʻnikmalarga ega boʻlgan mustaqil kompaniyalar muhandis-maslahatchilar sifatida jalb qilinadi, jumladan, investitsiya loyihasini umumiy kuzatish va nazorat qilish uchun boshqaruv maslahatlari berishga ixtisoslashgan hamda ushbu sohaning “yirik uchligi”ga kiruvchi “Boston Consulting Group” kompaniyasi jalb qilinishi nazarda tutiladi.
14. Mavjud va yaratiladigan ishlab chiqarish quvvatlari hamda texnologik jarayonlarning uzviyligi, shuningdek, ularning oʻzaro mutanosibligini auditdan oʻtkazish togʻ-kon va metallurgiya sanoati loyihalari qurilishi, texnologiyalari, axborot tizimlari va loyihalash boʻyicha konsalting xizmatlari koʻrsatishga ega boʻlgan “Hatch Ltd” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
15. Malakali kadrlar bilan taʼminlash borasida:
investitsiya loyihasi doirasida quriladigan barcha obyektlarda talab etiladigan yuqori bilim va tajribaga ega boʻlgan xodimlarning umumiy soni aniqlanadi;
ishga tushiriladigan obyektlar ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun ularga yetarli darajada mutaxassislarni jalb qilish, oʻqitish va taʼminlash dasturi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;
obyektlarni ekspluatatsiya jarayonida texnika xavfsizligi boʻyicha foydalanishga tayyorlash bilan bogʻliq ehtiyojlar, shu jumladan, oʻqitish va bilimlarni tekshirish uchun resurslar bilan taʼminlanadi;
talabalarni xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqitish, shuningdek, mutaxassislarni metallurgiya, geologiya, togʻ-kon va turdosh sohalarda tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish uchun xorijiy mamlakatlarga yuborish amalga oshiriladi.
2-§. Atrof muhit muhofazasini taʼminlash
16. Investitsiya loyihasi amalga oshirilishi munosabati bilan atrof-muhit muhofazasi sohasidagi tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro ekologiya talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
6-bob. Investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan tizimli ravishda monitoring olib borish va nazorat oʻrnatilishining taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish
17. Strategiyada nazarda tutilgan tadbirlar amalga oshirilishi monitoringni olib borish va nazorat qilish uch darajali nazorat tizimini ishlab chiqish hamda joriy etish orqali taʼminlanadi, xususan:
1-daraja — Loyiha ofisi, “Olmaliq KMK” AJ investitsiya departamenti va kapital qurilish boshqarmasining “Olmaliq KMK” AJ raxbariyatiga har kuni tezkor hisobot berishi;
2-daraja — “Olmaliq KMK” AJ raxbariyatining Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga har hafta hisobot berishi;
3-daraja — “Olmaliq KMK” AJ raxbariyatining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga investitsiya loyihasini amalga oshirishning strategik va dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha har oyda hisobot berishi.
2020 — 2024-yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasiga 1-ILOVA
2020 — 2024-yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasining tashkiliy
SXEMASI
LOYIHANI AMALGA OShIRIShNING ASOSIY PRINSIPLARI 1. Qidiruv natijalari, mineral resurslar va ruda zaxiralari hisoboti Avstraliya kodeksi (JORC Code) standartlariga muvofiq zaxiralarni hisoblash. 2. Qimmatbaho, rangli va nodir metallarni qazib olishni koʻpaytirish natijasida mis katodi, oltin, kumush, rux va nodir metallarni ishlab chiqarish hajmlarini oshirish. 3. Odamlar va atrof muhitni ishlab chiqarishda yuzaga keladigan zaharli moddalar va gazlarning potensial zararli taʼsiridan himoya qilish. 4. Yangi ish oʻrinlari yaratish orqali Olmaliq shahri va Toshkent viloyati aholisining bandligi darajasini oshirish. LOYIHANI AMALGA OShIRIShNING KOʻRSATKIChLARI 1. Mis-molibden rudalari qazib chiqarish va qayta ishlashni yillik 35,0 mln tonnadan 100,0 mln tonnaga yetkazish. 2. Mis katodi ishlab chiqarishni 108,0 ming tonnadan 265,0 ming tonnaga yetkazish. 3. Oltin ishlab chiqarishni 15,0 tonnadan 31,0 tonnaga, kumush ishlab chiqarishni 96,0 tonnadan 169,0 tonnaga yetkazish. 4. Metallurgiya sohasi ilm-fani, zamonaviy texnologiyalar, malakali milliy kadrlarni tayyorlash orqali ishlab chiqarish quvvatlaridan xavfsiz foydalanish infratuzilmasini taʼminlash. LOYIHANI AMALGA OShIRIShNING USTUVOR YOʻNALIShLARI 1. ”Yoshlik I” konini, 3-mis boyitish fabrikasini hamda mis eritish zavodi obyektlarini qurish, shu jumladan, mis boyitish fabrikasi va mis boyitish jarayonida hosil boʻladigan qoldiqlarni saqlash obyekti qurilishi uchun maydonni tanlash, mazkur obyektlarni loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish. 2. Mis eritish zavodi quvvatlaridan foydalanishda atrof muhit muhofazasini va aholini himoya qilishni taʼminlash. 3. Arzon va iqtisodiy samarali xomashyo siklini tashkil etish, shu jumladan, uzoq muddatga taʼminlash, mis boyitish jarayonida hosil boʻladigan qoldiqlarini saqlash uchun sharoitlar yaratishni tashkil etish. 4. Metallurgiya sohasini uzoq muddatli rivojlantirishni taʼminlash, shu jumladan, qimmatbaho va rangli metallar ishlab chiqarish obyektlarini qurish va undan foydalanishni qoʻllab-quvvatlash uchun metallurgiya sohasi ilm-fani va texnologiyalarini rivojlantirish, mahalliy tashkilotlar tomonidan loyihaviy, konstruktorlik, ekologik va boshqa bilimlar hamda tajribani oʻrganish, boʻlajak zavod va fabrikalarning referent texnologiyalarini tanlash uchun texnologiyalarning rivojlanish yoʻnalishlarini oʻrganish. LOYIHANI AMALGA OShIRIShNING ASOSIY USTUVOR YOʻNALIShLARINI AMALGA OShIRISh BOʻYIChA ChORA-TADBIRLAR a) Loyihani amalga oshirish infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari: loyiha ofisini tashkil etish; “Olmaliq KMK” AJ Kuzatuv kengashi qoshida Boshqaruv qoʻmitasini tashkil etish; loyiha obyektlarining ekspluatatsiya faoliyatini taʼminlash; mustaqil kompaniyalarni muhandis-maslahatchilar sifatida jalb qilish; malakali kadrlar bilan taʼminlash; b) Loyihani amalga oshirishning asosiy bosqichlari: “Yoshlik I” koni va yangi 3-mis boyitish fabrikasi qurilishi (I bosqich); mis eritish zavodi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va rekonstruksiya qilish (II bosqich); atrof muhit muhofazasini taʼminlash sohasidagi tadbirlar. STRATEGIYANI AMALGA OShIRISh MONITORINGI VA NAZORATI 1-bosqichda Loyiha ofisi tomonidan “Olmaliq KMK” AJ Boshqaruvi oldida har haftada tezkor hisobot berilishi. 2-bosqichda “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga har oyda hisobot berilishi. 3-bosqichda “Olmaliq KMK” rahbariyati tomonidan loyihani amalga oshirishning strategik va dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorakda hisobot berilishi. Strategiyada nazarda tutilgan tadbirlar amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 2019-yil 26-sentabrdagi 21979-xh-son bayonnomasiga muvofiq “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish va joriy faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha Doimiy ishchi guruh tomonidan ham amalga oshiriladi. 2024 YILDA ERIShILADIGAN MAQSADLAR Quyidagi yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi: 74,0 million tonna ruda qazib olish quvvatiga ega boʻlgan kon; 60,0 million tonna rudani qayta ishlash imkoniyatga ega boʻlgan yangi 3-mis boyitish fabrikasi; 275,0 ming tonna mis ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan mis elektrolizi sexi; respublikaga har yili 265,0 ming tonna mis katodi, 31,0 tonna oltin va 169,0 tonna kumush yetkazib berish; 6000 tadan ziyod yangi ish oʻrinlarini yaratish.
2020 — 2024-yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasiga 2-ILOVA
“Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasi doirasida amalga oshiriladigan kapital qoʻyilmalar sarfi va uning tarkibi
mln dollar Kapital qoʻyilmalar 2017 — 2019-yy. sarflangan mablagʻ Prognoz Jami I bosqich (2020 — 2023-yy.) II bosqich (2022 — 2024-yy.) jami* (2020 — 2024-yy.) Togʻ-kon — transport kompleksi 330,0 1022,0 - 1022,0 1352,0 “Yoshlik I” koni ishlab chiqarish maydoni (avtobaza, omborlar, avtomobil yoʻllari va boshqalar qurilishi) - 20,0 - 20,0 20,0 Togʻ-kon texnikasi (tuproq va qazish ishlari uchun togʻ-kon texnikasi sotib olish) 220,0 396,0 - 396,0 616,0 Togʻ-kon ishlari (tuproq ishlari va ruda qazib olishga tayyorlash) 56,0 168,0 - 168,0 224,0 SOT (siklik-oqim texnologiyasi: ruda va togʻ jinslari uchun maydalash va konveyer uskunalari) - 322,0 - 322,0 322,0 Portlovchi moddalar zavodi (uskunalar sotib olish va qurilish-montaj ishlari) - 10,0 - 10,0 10,0 Temir yoʻl sexi obyektlari (temir yoʻllar, stansiyalar va tegishli infratuzilmasini koʻchirish, yangidan qurish) 54,0 70,0 - 70,0 124,0 Energiya taʼminoti (elektr uzatish tarmoqlari va uskunalari) - 36,0 - 36,0 36,0 3-son Mis boyitish fabrikasi, shu jumladan: - 2064,0 - 2064,0 2064,0 infratuzilma va qoldiqlarni saqlash obyekti - 534,0 - 534,0 534,0 Mis eritish zavodi - - 795,0 795,0 795,0 Infratuzilma obyektlari (elektr uzatish tarmogʻi va 500 kV nimstansiya, yangi ohak zavodi, suv taʼminoti qurilishi) - 220,0 - 220,0 220,0 Boshqa xarajatlar - 65,0 6,0 71,0 71,0 Loyihalash va qidiruv ishlari - 50,0 - 50,0 50,0 Buyurtmachi xizmati - 15,0 6,0 21,0 21,0 Jami: 330,0 3371,0 801,0 4172,0 4502,0
* “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasining umumiy qiymati mazkur loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralardan oʻrnatilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng aniqlanadi.
2020 — 2024-yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasiga 3-ILOVA
“Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini boshqarish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-maydagi 267-F-son farmoyishiga 2-ILOVA
2020 — 2024-yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasining ijrosini taʼminlash boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/r Tadbirlar nomi Amalga oshirish muddatlari Masʼul ijrochilar “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasining I-bosqichi 1. Loyiha ofisi va Boshqaruv qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish. 2020-yil 1-iyulga qad�r “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov) 2. Loyiha ofisi va Boshqaruv qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqish va tasdiqlash. 2020-yil 15-iyulga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov) 3. Loyihaning I-bosqichida amalga oshiriladigan qurilish ishlarini bajarish boʻyicha, shu jumladan, foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida “Yoshlik I” koni va infratuzilma obyektlari boʻyicha shartnomalar tuzish. 2020-yil 21-sentabrga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK (Allabergenov) 4. Loyihaning I-bosqichi boʻyicha texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni ishlab chiqish. 2020-yil 9-oktabrga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov) 5. Loyihaning I-bosqichi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini Tarmoq ilmiy-texnik kengashida koʻrib chiqish va kelishish. 2020-yil 30-oktabrga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov) 6. Loyihaning I-bosqichi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻillikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK ekspertizadan oʻtkazish. 2020-yil 10-noyabrga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK (Allabergenov), “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov) 7. Loyihaning I-bosqichi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish. 2020-yil 1 dekabrga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov) 8. Asbob-uskunalarni yetkazib berish va qurilish-montaj ishlarini bajarish. 2023-yil 20-sentabrga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov), Qurilish vazirligi (Zokirov) 9. Loyihaning I-bosqichi doirasida belgilangan obyektlarni foydalanishga topshirish. 2023-yil 25-dekabr “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov) “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish strategiyasining II-bosqichi 10. Qurilish ishlarini bajarish, shu jumladan foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida Mis eritish zavodi obyektlarini qurilishi boʻyicha shartnomlar tuzish. 2021-yil 1-mayga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻillikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK (Allabergenov) 11. Loyihaning II-bosqichi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni ishlab chiqish. 2021-yil 4-iyunga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov) 12. Loyihaning II-bosqichi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini Tarmoq ilmiy-texnik kengashida koʻrib chiqish va kelishish. 2021-yil 17-iyunga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov) 13. Loyihaning II-bosqichi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻillikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash. 2021-yil 10-avgustga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻillikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK (Allabergenov), “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov) 14. Loyihaning II-bosqichi texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish. 2021-yil 1-oktabrga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov), Ishchi guruh (Ishmetov) 15. Asbob-uskunalarni yetkazib berish va qurilish-montaj ishlarini bajarish. 2024-yil 20-avgustga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov), Qurilish vazirligi (Zokirov) 16. Loyihaning II-bosqichini foydalanishga topshirish. 2024-yil 1-dekabrga qadar “Olmaliq KMK” AJ (Xursanov)
