98-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (470-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat qoʻmitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Hukumatining boshligʻi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga oʻz lavozimi boʻyicha kiradi.
Vazirlar Mahkamasining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va maʼnaviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi.
Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar boʻladi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga binoan xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish koʻradi. Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti ushbu Konstitutsiyaning 89-moddasi va 93-moddasiga asoslangan holda Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga, Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, shuningdek Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri farmoyishlarini bekor qilishga haqli.
Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir.
