“Avtomatlashtirilgan hisob-kitob (billing) tizimini oʻzgartirish” investitsiya loyihasi boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslarining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlarini tasdiqlash toʻgʻrisida (246-son)
22.04.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikamizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 19-fevraldagi PF-5349-son Farmoniga muvofiq “COSCOM” masʼuliyati cheklangan jamiyati (keyingi oʻrinlarda — “COSCOM” MChJ) tomonidan “Avtomatlashtirilgan hisob-kitob (billing) tizimini oʻzgartirish” investitsiya loyihasi (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi) amalga oshirilayotganligi;
investitsiya loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2020 — 2022-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-yanvardagi PQ-4563-son qarorining 7-ilovasiga asosan 2020 — 2022-yillarda amalga oshirilishi belgilanganligi;
investitsiya loyihasining umumiy qiymati 47 834,3 ming AQSh dollari ekvivalenti, shu jumladan, 28 500,0 ming AQSh dollari-litsenziyalar va avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimini (BSS) qoʻllab-quvvatlash (keyingi oʻrinlarda — 1-bosqich), 19 334,3 ming AQSh dollari-uskuna (apparatli taʼminot) va uchinchi shaxslar tomonidan yetkazib beriladigan dasturiy taʼminotning (keyingi oʻrinlarda — 2-bosqich) shartnoma qiymati va boshqa sarf-xarajatlar uchun ajratilganligi;
1-bosqich doirasida oʻtkazilgan tender yakunlari boʻyicha tender gʻolibi “Neksayn” AJ (Rossiya Federatsiyasi) va “COSCOM” MChJ oʻrtasida shartnoma imzolanganligi;
2-bosqich doirasida 2020-yil may va iyun oylarida “COSCOM” MChJ tomonidan tender eʼlon qilinishi va uning natijalariga koʻra tender gʻolibi bilan shartnoma(lar) tuzilishi rejalashtirilganligi;
investitsiya loyihasini moliyalashtirish manbai etib “COSCOM” MChJning oʻz mablagʻlari belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Avtomatlashtirilgan hisob-kitob (billing) tizimini oʻzgartirish” investitsiya loyihasi boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslarining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.X. Bekenov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Telekommunikatsiyalar, IT-texnologiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 22-aprel,
246-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-apreldagi 246-son qaroriga ILOVA
“Avtomatlashtirilgan hisob-kitob (billing) tizimini oʻzgartirish” investitsiya loyihasi boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslarining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2020-y., 09/20/246/0484-son)
