Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (226-son)
15.04.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi B.V. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-aprel,
226-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 15 aplreldagi 226-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 10-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“sanoat xavfsizligini ekspertizadan va akkreditatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish, shuningdek, atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertiza qilishni tashkil etish”.
2. 11-bandda:
a) “a” kichik bandda:
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi ekspertizasi tizimini rivojlantirishni, atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertizani oʻtkazishni, shuningdek, atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni litsenziyalash tizimini tashkil etadi”;
quyidagi mazmundagi oʻn uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, xoʻjalik boshqaruvi organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga atom energiyasidan foydalanish chogʻidagi xavfsizlik masalalari yuzasidan axborot beradi”;
b) “b” kichik band quyidagi mazmundagi oʻn birinchi va oʻn ikkinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“atom energiyasidan foydalanish obyektlarining xavfsizligini taʼminlash ustidan davlat nazorati va tekshiruvini hamda atom energiyasidan foydalanish obyektlarining jisman himoya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
avariyaga oid tashqi rejani ishlab chiqishda ishtirok etadi hamda davlat boshqaruvi organlarining va atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning avariyaga oid shayligi ustidan davlat nazoratini taʼminlaydi”;
v) “g” kichik band quyidagi mazmundagi oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot, shuningdek boshqa yuridik shaxs tomonidan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish jarayonida xavfsizlikni taʼminlash uchun zarur boʻlgan majburiy talablarga, litsenziya shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi”;
g) “d” kichik bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“d) sanoat xavfsizligini ekspertizadan va akkreditatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish, shuningdek, atom energiyasidan foydalanish obyektlarinnng va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslash yuzasidan ekspertiza qilishni tashkil etish sohasida”.
