Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 6-martdagi PQ-4630-son qarori) (211-son)
09.04.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 6-martdagi PQ-4630-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri B.N. Kurbanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-aprel,
211-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-apreldagi 211-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 14-yanvardagi 10-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 1-son, 3-modda) bilan tasdiqlangan Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yigʻish va joʻnatish, ularni harbiy qismlarda qabul qilish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga boʻshatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylariga qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 5-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “tumanlar (shaharlar) chaqiruv komissiyalari” soʻzlari “tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzuridagi Qurolli Kuchlarni butlash komissiyalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
yigirmanchi xatboshidagi “tibbiy (chaqiruv)” soʻzlari “Rahbariyat kengashi va harbiy-tibbiy” soʻzlari bilan almashtirilsin;
