Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-martdagi 170-F-son farmoyishi (170-F-son)
31.03.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
FARMOYIShI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga asosan Qirgʻiziston Respublikasiga koronavirus COVID-19 kasalligi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy buyumlar va vositalar bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida:
1. Qirgʻiziston Respublikasiga oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy buyumlar va vositalar shaklidagi insonparvarlik yordami 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha yuborilsin.
2. “Oʻzdonmahsulot” AKning “Qurgʻontepa don mahsulotlari” AJ insonparvarlik yordami yukini shakllantirish punkti (keyingi oʻrinlarda — shakllantirish punkti) va yuk joʻnatuvchi etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi insonparvarlik yuki yetkazib berilishi uchun masʼul etib belgilansin.
4. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ “Oʻzdonmahsulot” AKning “Kurgʻontepa don mahsulotlari” AJ buyurtmasiga asosan kerakli miqdordagi vagonlarni ajratsin va insonparvarlik yordami yukining belgilangan manzilga (Qirgʻiziston Respublikasiga, Oʻsh shahri) yetkazib berilishini taʼminlasin.
5. Belgilansinki:
insonparvarlik yordami yukining tannarxi, uni qadoqlash, shakllantirish punktiga hamda belgilangan manzilga yetkazib berish bilan bogʻliq xarajatlar 2-ilovaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobiga;
insonparvarlik yordami yukini tashish bilan bogʻliq transport xarajatlari va tariflar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning asosiy faoliyatidan tushadigan mablagʻlar hisobiga qoplanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston tomonining insonparvarlik yordami koʻrsatish niyati toʻgʻrisida Qirgʻiziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini belgilangan tartibda xabardor qilsin, shuningdek, insonparvarlik yuki yetkazib beriladigan punktni va uni topshirish bilan bogʻliq boshqa tashkiliy masalalarni kelishsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi ushbu farmoyishga muvofiq davlat zaxiralaridan chiqarilgan moddiy boyliklarning oʻrni belgilangan tartibda toʻldirilishini nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari insonparvarlik yukining yetkazilishi va topshirilishida ishtirok etadigan Oʻzbekiston Respublikasi vakillariga chiqish hujjatlari tezkor rasmiylashtirilishini hamda insonparvarlik yuki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan toʻsiqlarsiz oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi joʻnatilayotgan yukning bojxona deklaratsiyasi hamda karantin nazorati va fitosanitariya guvohnomalari bepul rasmiylashtirilishini taʼminlasinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va “Dunyo” axborot agentligi Qirgʻiziston Respublikasiga insonparvarlik yordami koʻrsatish boʻyicha ishlar ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, elektron ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasinlar.
11. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining sanoatni va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi B.A. Xodjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari A.X. Kuldashev va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi raisi M.M. Kurbanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 31-mart,
170-F-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-martdagi 170-F-son farmoyishiga 1-ILOVA
Qirgʻiziston Respublikasiga insonparvarlik yordami sifatida yuboriladigan oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy buyumlar va vositalar
ROʻYXATI
T/r Tashkilot nomi Mahsulot nomi Oʻlchov birligi Miqdori Qadoqlash 1. “Oʻzdonmahsulot” AK un* tonna 1 000,0 50 kg, qopda 2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi bir marotabalik bosh kiyimli himoya kombinezoni (1-darajali) dona 5 000 bir marotabalik bosh kiyimli himoya kombinezoni (qizil hudud uchun 2-darajali) dona 2 000 bir marotobalik respirator N 95 (FFP2) dona 7 000 bir marotabalik qoʻlqop dona 20 000 himoya koʻzoynagi dona 500 pirometrlar dona 200 2019-nCoV aniqlash uchun test-sistema (PSR-diagnostika) dona 2 000
* Un “Qurgʻontepadon mahsulotlari” AJ omborlaridan unning davlat resurslari hisobidan yetkazib beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-martdagi 170-F-son farmoyishiga 2-ILOVA
Qirgʻiziston Respublikasiga insonparvarlik yordami yukining tannarxi, uni qadoqlash, shakllantirish punktiga hamda belgilangan manzilga yetkazib berish bilan bogʻliq
XARAJATLAR SMETASI
T/r Tashkilot nomi va xarajatlar turi Dastlabki hisob-kitoblar Summasi* 1 “Oʻzdonmahsulot” AK 2 545 118 000,0 soʻm 1.1. Un mahsulotining shakllantirish punktiga yetkazib berish xarajatlari bilan birgalikdagi narxi** 1 000 000,0 kg x 2 545,118 sum 2 545 118 000,0 soʻm 2. “Qurgʻontepadon mahsulotlari” AJ 10 100,0 AQSh dollari 2.1. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning “Oʼzbektemiryoʼlekspediciya” UK bilan shartnomasi asosida Qirgʻiziston Respublikasi hududida temir yoʻl orqali yuk tashish xarajatlari 1 000,0 tn x 10,1 AQSh dollari 10 100,0 AQSh dollari Jami: 2 545 118 000,0 soʻm 10 100,0 AQSh dollari
* Mablagʻlar amalga oshirilgan haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib, tasdiqlovchi hujjatlarga asosan ajratiladi.
** Un narxi “Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi” AJning 2020-yil 16-martdan 20-martgacha boʻlib oʻtgan birja savdolari natijasida shakllangan narxlarda belgilanmoqda.
