38-modda. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish yoki uni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnomaga ilova qilinadigan hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida (O‘RQ-610-son) · Sana: 13.03.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilish yoki Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
soʻrovnoma;
pasport yoki identifikatsiyalovchi karta (yashash guvohnomasi);
nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
bola iltimosnomada koʻrsatilgan taqdirda, uning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi va agar mavjud boʻlsa yashash guvohnomasi;
tirikchilikning qonuniy manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjat.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi:
ariza beruvchining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashayotgan va Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlgan, nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan oʻzidan oldingi qarindoshining pasporti yoki identifikatsiyalovchi kartasi yoxud manfaatdor vazirlikning yoki idoraning iltimosnomasi;
sudlanganlik holati yoʻqligini yoki mavjudligini tasdiqlovchi hujjat.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga alohida tartibda qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga pasport yoki identifikatsiyalovchi karta (yashash guvohnomasi) ilova qilinadi.
