Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (139-son)
11.03.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, xalqimizning koʻp asrlik madaniy, ilmiy-maʼrifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli boʻlgan oʻzbek tilini targʻib qilish hamda oʻzbek tilshunosligi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha 5 ta shtat birligidan iborat Sotsiolingvistika boʻlimini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Institutning sotsiolingvistika sohasidagi qoʻshimcha vazifalari etib belgilansin:
oʻzbek tilining rivojlanishi bilan bogʻliq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish va kengaytirish;
oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish borasidagi ilmiy izlanishlarni kuchaytirish;
oʻzbek tilining yozma matni meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish;
oʻzbek tilining izohli lugʻatlari, davlat tilida ish yuritish boʻyicha qoʻllanma va adabiyotlar tayyorlash;
davlat tilini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining 2020 — 2022-yillarda oʻzbek tili va adabiyotiga doir fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining yangidan tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 18-maydagi 292-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-yil, 20-son, 371-modda) 9-ilovaning matni 2-ilovaga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ikki oy muddatda:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda respublika boʻylab dialektologik va folklor ekspeditsiyalarini tashkil etish rejasini tasdiqlasin;
Institutning yangi tahrirdagi ustavi va Sotsiolingvistika boʻlimi xodimlarining funksional majburiyatlarini tasdiqlasin;
Institutning shtat birligiga yangidan kiritilgan lavozimlarni yuqori malakali ilmiy kadrlar va istiqbolli yosh mutaxassislar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
6. Manfaatdor vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti B.S. Yoʻldoshev zimmasiga va Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 11-mart,
139-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-martdagi 139-son qaroriga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining 2020 — 2022-yillarda oʻzbek tili va adabiyotiga doir fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish
ChORA-TADBIRLARI REJASI
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-martdagi 139-son qaroriga2-ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni bajariladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlari hajmiga qarab 60 nafargachani, shu jumladan ilmiy xodimlar 51 nafargachani tashkil etadi.
Yordamchi xodimlar soni qonunchilik hujjatlariga muvofiq normativlar boʻyicha belgilanadi.
Ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirish uchun mutaxassislar va olimlar shartnoma asosida qoʻshimcha jalb etilishi mumkin”.
