Chetdan keltirilayotgan tovarlarning ayrim turlariga aksiz soligʻi joriy etish toʻgʻrisida (333-son)
23.09.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vatanimizning tovar ishlab chiqaruvchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1996-yil 1-oktabrdan boshlab yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga keltirilayotgan tovarlarga ilovaga muvofiq roʻyxat va stavka boʻyicha aksiz soligʻi joriy etilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 3-sentabrdagi 304-son qarori bilan chetdan keltirilayotgan yengil avtomobillarga belgilangan aksiz soligʻi stavkalari chetdan keltirilayotgan foydalanilgan yengil avtomobillarga ham joriy etilsin.
Agar avtomobil ishlab chiqarilganligiga uch yil va undan ortiq boʻlgan boʻlsa, qancha masofa yurganligidan qatʼiy nazar, u foydalanilgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bir hafta muddatda aksiz soligʻi solinadigan chetdan keltirilayotgan tovarlar uchun aksiz soligʻi toʻlash tartibini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Davlat soliq qoʻmitasi aksiz soligʻi toʻgʻri hisoblanishi va toʻliq toʻlanishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 23-sentabr,
333-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 23 ssntyabrdagi 333-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga keltirilayotgan aksiz soligʻi solinadigan tovarlar boʻyicha aksiz soligʻi
STAVKALARI
Izoh:
Quyidagilarga aksiz soligʻi solinmaydi:
— jismoniy shaxslar tomonidan keltirilayotgan qandolatchilik mahsulotlariga bir jismoniy shaxsga 3 kilogrammgacha;
— jismoniy shaxslar tomonidan keltirayotgan pivoga alkogolsiz ichimliklar va sharbatlarga bir jismoniy shaxsga ikki litrgacha;
— jismoniy shaxslar tomonidan keltirilayotgan boshqa mahsulotlarga, bir jismoniy shaxsga bir dona tovargacha.
