41-modda. Maxsus iqtisodiy zona direksiyasining budjeti
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi har yili daromadlar va xarajatlar smetasi shaklida tasdiqlanadigan mustaqil budjetga ega boʻladi.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasining daromadlari Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritganlik uchun olinadigan toʻlovlardan, maxsus iqtisodiy zona direksiyasining foydalanishida va boshqaruvida boʻlgan binolar, inshootlar va yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqini elektron onlayn-auksion vositasida sotishdan, shartnomalar boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdan kelib tushadigan tushumlardan va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Maxsus iqtisodiy zona shakllanish bosqichida oʻz xarajatlarini oʻzi qoplaydigan boʻlguniga qadar, lekin uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga maxsus iqtisodiy zona direksiyasi taʼminoti uchun respublika va mahalliy budjetlardan mablagʻlar, ssudalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida taqiqlanmagan boshqa manbalardan mablagʻlar jalb qilinishi mumkin.
