3-modda. Asosiy tushunchalar
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
investitsiya loyihasi — iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa foyda olish uchun investitsiyalarni amalga oshirishga yoxud jalb etishga qaratilgan, oʻzaro bogʻliq boʻlgan tadbirlar majmui;
investor — foyda olish maqsadida investitsiya faoliyati obyektlariga oʻzining mablagʻlarini va (yoki) qarz mablagʻlarini yoxud jalb qilingan boshqa investitsiya resurslarini investitsiya qilishni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati subyekti;
maxsus iqtisodiy zona — tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el investitsiyalari va mahalliy investitsiyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega boʻlgan hudud;
maxsus huquqiy rejim — maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya faoliyatini va boshqa tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun alohida shart-sharoitlarni belgilaydigan huquqiy normalar majmui;
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestri — maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchilari va investitsiya loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlarning axborot bazasi;
maxsus iqtisodiy zonaning bosh rejasi — maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari yoki maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniya tomonidan tasdiqlangan loyiha hujjati boʻlib, uning asosida maxsus iqtisodiy zona hududini rejalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va shaharsozlik jihatidan oʻzlashtirishning boshqa turlari amalga oshiriladi.
