Ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (84-son)
14.02.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakatimizda jinoyat sodir etgan shaxslarni axloqan tuzatish, ularni jamiyatdan ajratmagan holda jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikda qayta tarbiyalash borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda ichki ishlar organlari tizimini isloh qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida probatsiya xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarni ijro etish, probatsiya boʻlinmalari nazorati ostidagi shaxslarning (keyingi oʻrinlarda nazorat ostidagilar deb ataladi) xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish boʻyicha yangi tizim yaratildi. Natijada, nazorat ostidagilar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishi kamayishiga erishildi.
Shu bilan birga, probatsiya xizmati faoliyatining mexanizmlarini takomillashtirish, nazorat ostidagilarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish tartibini joriy etish, ayniqsa, ularning “ijtimoiy-psixologik portreti”ni tuzgan holda oʻrganish, shuningdek, bu jarayonlarda mutaxassis-psixologlarni tayyorlash, probatsiya boʻlinmalariga mutaxassis-psixologlarni jalb etish tizimini yoʻlga qoʻyish zarurati yuzaga kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmonini hamda “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 7-noyabrdagi PQ-4006-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasining 2020-yil 1-martdan boshlab nazorat ostidagilarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
2020-2021-yillarda ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari rejasi 1-ilovaga muvofiq;
probatsiya boʻlinmalari nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha vazirliklar va idoralarning hamkorlikdagi faoliyati mexanizmi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
a) 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish institutida Probatsiya xizmati xodimlari malakasini oshirish tizimini yoʻlga qoʻysin;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi bilan birgalikda probatsiya faoliyatiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilasin;
v) ikki oy muddatda probatsiya boʻlinmalari xodimlarini Probatsiya xizmatini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobiga ragʻbatlantirish tartibini tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ichki ishlar vazirligining murojaatiga asosan belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari mablagʻlari hisobiga probatsiya boʻlinmalarining yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda yuridik yoʻnalishdagi oliy taʼlim muassasalari taʼlim dasturlariga nazorat ostidagilarning ijtimoiy-psixologik portretini oʻrganish boʻyicha maxsus mavzular kiritilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli oliy taʼlim muassasalarida psixologiya yoʻnalish boʻyicha tahsil olayotgan talabalarning probatsiya boʻlinmalarida amaliyot oʻtashini yoʻlga qoʻysin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2020-yil 1-dekabrga qadar Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura bilan birgalikda nazorat ostidagilar jazodan boʻyin tovlash maqsadida yashash joyini oʻzboshimchalik bilan tark etgan hollarda ularning respublika hududidan chiqishini cheklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ommaviy axborot vositalarida probatsiya xizmati va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan keng tushuntirish va targʻibot-tashviqot ishlari oʻtkazilishini taʼminlasin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 14-fevral,
84-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi 84-son qaroriga 1-ILOVA
2020-2021-yillarda ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini yanada samarali tashkil etish
CHORA-TADBIRLARI REJASI
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi 84-son qaroriga 2-ILOVA
Probatsiya boʻlinmalari nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha vazirliklar va idoralarning hamkorlikdagi faoliyati
MEXANIZMI
