“702-modda. Foydali qazilmalarni litsenziyasiz qazib olish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-603-son) · Sana: 22.01.2020 · Amalda
Foydali qazilmalarni litsenziyasiz qazib olish, xuddi shuningdek oltin izlovchilar usulida litsenziyasiz qazib olish, bundan yer osti suvlari hamda daryolar oʻzanlarida joylashgan foydali qazilmalar mustasno, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —
maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli boʻlgan ashyoni yoki maʼmuriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;
7) 147-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yoʻllarga, temir yoʻldan oʻtish joylariga, yoʻl harakatini tartibga soluvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish, shuningdek yoʻl harakatiga qasddan, shu jumladan yoʻl qoplamasini ifloslantirish yoʻli bilan xalal berish, xuddi shuningdek avtomobil yoʻllarini oʻzboshimchalik bilan qazish, ularda sunʼiy notekisliklar va toʻsiqlar yaratish, avtomobil yoʻlida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek yoʻllarni saqlash qoidalarini buzish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi”;
8) 230-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganligini qayd etishni taʼminlashga doir choralarni vasiylik va homiylik organlarining yoki tibbiyot muassasasining mansabdor shaxslari, topib olingan (tashlab ketilgan) bola turgan muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻrmaganlik, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Tibbiyot muassasasining mansabdor shaxslari tomonidan tugʻilishni va oʻlimni oʻz vaqtida qayd etishni taʼminlash choralarini koʻrmaganlik, xuddi shuningdek tugʻilganlik toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnomani yoxud oʻlim haqidagi, shu jumladan perinatal oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy guvohnomani notoʻgʻri va (yoki) noaniq toʻldirganlik, —
