225-modda. Notarial palataning asosiy vazifalari
Notariat tizimi tubdan isloh qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-602-son) · Sana: 14.01.2020 · Amalda
Notarial palataning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, shuningdek qonun hujjatlarining bir xil tarzda qoʻllanilishiga doir takliflar ishlab chiqish;
nizolarning oldini oluvchi institut sifatida notariatning rolini mustahkamlash, notariuslik kasbi nufuzini oshirish, shuningdek xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning kasbiy tayyorgarligi va malakasi oshirilishini hamda ularning fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurtalanishini tashkil etish;
yagona notarial amaliyotni taʼminlash choralarini koʻrish, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni toʻplash va oʻrganish, ijobiy ish tajribasini yoyish hamda ularga uslubiy yordam koʻrsatish;
notarial harakatlar boʻyicha tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlgan uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish;
aholining huquqiy bilimlarini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targʻibot tadbirlarini amalga oshirish;
xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan munosabatlarda, sudda va boshqa holatlarda ifodalash hamda himoya qilish;
notariat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, Notariusning kasb etikasi qoidalari va kasbiy majburiyatlarga xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, xizmat tekshiruvlari oʻtkazish, shuningdek notariuslarning kasbiga loyiqligi masalasini koʻrib chiqish haqida malaka komissiyalariga takliflar kiritish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan notarial faoliyat masalalari boʻyicha hamkorlik qilish.
