152-modda. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish
Notariat tizimi tubdan isloh qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-602-son) · Sana: 14.01.2020 · Amalda
Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishini toʻxtatib turish uni hisobga qoʻygan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari tomonidan malaka komissiyasining qaroriga asosan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
notarius jinoiy javobgarlikka tortilganda — u ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan paytdan eʼtiboran va sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar yoxud reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar;
notarius qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilganda — bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinguniga qadar boʻlgan davrga;
notariat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, Notariusning kasb etikasi qoidalari talablari, notarial harakatlar siri va notarius qasamyodi notarius tomonidan buzilganligi aniqlanganda;
Notarial palataning yoki adliya organining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan, shu jumladan notariusning zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklaydigan qarorlari notarius tomonidan bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda;
notariusda fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi mavjud boʻlmaganda yoki tuzilgan shartnoma qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmaganda — bunday shartnoma tuzilgan yoki tuzilgan shartnoma qonun hujjatlariga muvofiq holga keltirilgan kunga qadar;
notarial faoliyatni tashkil etishga oid minimal talablar bajarilmaganda — bunday hollar bartaraf etilguniga qadar;
notarius Notarial palataga aʼzolik badallarini bir oydan ortiq muddat davomida toʻlamaganda — uch oygacha, aʼzolik badallarini toʻlaguniga qadar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi notariusga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazish davrida litsenziyaning amal qilishini oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turishga haqli.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish muddati olti oydan oshishi mumkin emas, bundan ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Litsenziyasining amal qilishi toʻxtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni, agar ular bartaraf etib boʻlmaydigan xususiyatga ega boʻlmasa, koʻrsatilgan muddatda bartaraf etishi shart.
