28-modda. Patent yoki guvohnoma berish
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida (270-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Patentni yoki guvohnomani Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Patent idorasi beradi.
Seleksiya yutugʻi roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida har qanday shaxs patent yoki guvohnoma berish toʻgʻrisidagi qarorga eʼtiroz bildirishga haqlidir.
Eʼtirozni Apellatsiya kengashi tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilotning vakillari ishtirokida eʼtiroz bildirilgan sanadan eʼtiboran olti oy ichida koʻrib chiqadi.
Basharti patent yoki guvohnoma berishga eʼtirozlar bildirilmagan yoki bunday eʼtirozlar rad etilgan boʻlsa, Patent idorasi seleksiya yutugʻi roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida patent yoki guvohnoma beradi.
Basharti bir necha shaxs nomiga patent yoki guvohnoma soʻralayotgan boʻlsa, ularga bitta himoya hujjati beriladi.
Himoya hujjatlarining shakli va ularda koʻrsatiladigan maʼlumotlar tarkibi Patent idorasi tomonidan belgilanadi.
Berilgan himoya hujjatidagi ochiq-ravshan koʻrinib turgan va texnik xatolar patent egasining talabiga binoan Patent idorasi tomonidan tuzatiladi.
Patent egasi patent yoki guvohnoma olganidan keyin himoya qilinayotgan nav yoki zotga taalluqli zarur materialni saqlash uchun joʻnatadi.
