22-modda. Seleksiya yutugʻining davlat sinovi
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida (270-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Talabnomada koʻrsatilgan seleksiya yutugʻining davlat sinovi farqlanish, oʻxshashlik va barqarorlik mezonlariga mosligini sinashdan iboratdir.
Davlat sinovlari ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan belgilangan uslub va muddatlarda roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan davlat navsinov stansiyalarida, davlat nav sinov uchastkalarida, boshqa xoʻjaliklar va tashkilotlarda oʻtkaziladi.
Arizachi sinov oʻtkazish uchun kerakli miqdordagi urugʻlik, koʻchat yoki nasl mahsulotlarini ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan belgilangan manzilga koʻrsatilgan muddatda taqdim etishi shart.
Ixtisoslashtirilgan tashkilot arizachi, Oʻzbekiston Respublikasining tashkilotlari, shuningdek boshqa davlatlarning vakolatli organlari tomonidan taqdim etilgan sinov natijalaridan foydalanishga haqlidir.
Ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan belgilanadigan seleksiya yutuqlarining ayrim turlari va xillari boʻyicha guvohnoma berish haqida talabnoma topshirilganida oʻsimlik navlarini, hayvon zotlarini Davlat reyestrida roʻyxatga olish ekspertiza baholari yoki arizachining maʼlumotlari asosida amalga oshiriladi.
Ixtisoslashtirilgan tashkilot sinov natijalariga qarab seleksiya yutugʻining himoyaga layoqatlilik mezoniga mosligi toʻgʻrisida xulosa chiqaradi.
Basharti seleksiya yutugʻi himoyaga layoqatlilik mezonlariga mos boʻlsa, uning nomi belgilangan talablarga mos kelsa, ixtisoslashtirilgan tashkilot seleksiya yutugʻining rasmiy tavsifini tayyorlaydi, Patent idorasi esa, patent yoki guvohnoma berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Basharti seleksiya yutugʻi himoyaga layoqatlilik mezonlariga mos boʻlmasa, Patent idorasi patent yoki guvohnoma berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Arizachi uch oylik muddat ichida Patent idorasining qarori ustidan shikoyat bilan Apellatsiya kengashiga murojaat qilishi mumkin. Apellatsiya kengashi Patent idorasining vakolatlari doirasida qabul qilgan qaror uzil-kesil hisoblanadi.
