19-modda. Talabnomaning rasmiy ekspertizasi
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida (270-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Patent yoki guvohnoma berish haqidagi talabnomaning rasmiy ekspertizasi ikki oy muddatda oʻtkaziladi. Ekspertiza davomida ustunlik sanasi belgilanadi, zarur hujjatlarning qoʻyiladigan talablarga qanchalik mosligi tekshiriladi.
Rasmiy ekspertiza oʻtkazilayotgan davrda arizachi oʻz tashabbusi bilan talabnoma materiallarini toʻldirishga, ularga aniqlik yoki tuzatishlar kiritishga haqlidir.
Basharti belgilangan muddatda zarur aniqliklar kiritilmagan yoki talabnoma tushgan sanada uning tarkibida boʻlmagan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, talabnoma koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Rasmiy ekspertizaning natijalari toʻgʻrisida arizachi yozma ravishda xabardor qilinadi.
Arizachi rasmiy ekspertizaning xulosasiga rozi boʻlmasa, xulosani olgan sanadan eʼtiboran uch oy davomida Patent idorasining Apellatsiya kengashiga (matnda bundan buyon Apellatsiya kengashi deb yuritiladi) murojaat qilish huquqiga ega.
Rasmiy ekspertizadan oʻtgan talabnomani Patent idorasi himoyaga layoqatliligini ekspertizadan oʻtkazish uchun tegishli ixtisoslashtirilgan tashkilotga joʻnatadi.
