17-modda. Seleksiya yutugʻining ustunligi
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida (270-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Seleksiya yutugʻining ustunligi ushbu Qonunning talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan talabnoma Patent idorasiga tushgan sanaga qarab belgilanadi.
Basharti seleksiya yutugʻiga doir oʻxshash talabnomalar ayni bitta ustunlik sanasiga ega boʻlsa, himoya hujjati Patent idorasiga oldinroq sana bilan yuborilgan talabnomaga yoki roʻyxatga olish raqami oldinroq qoʻyilgan talabnomaga beriladi.
Basharti arizachi Patent idorasiga talabnoma topshirishdan oldin Oʻzbekiston Respublikasi seleksiya yutuqlarini himoya qilish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan boshqa davlatga talabnoma (bundan buyon matnda birinchi talabnoma deb ataladi) topshirgan boʻlsa, arizachi talabnoma tushgan sanadan eʼtiboran oʻn ikki oy davomida birinchi talabnoma boʻyicha ustunlik huquqiga ega boʻladi.
Arizachi Patent idorasiga joʻnatayotgan talabnomasida birinchi talabnomaning ustunlik sanasini koʻrsatishi lozim. Arizachi talabnoma Patent idorasiga tushgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida birinchi talabnomaning nusxasini va tarjimasini taqdim etishi shart. Bu shartlar bajarilgan taqdirda arizachi birinchi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran uch yil davomida qoʻshimcha hujjatlar va sinov uchun zarur material taqdim etmaslikka haqli.
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan muddatga rioya etmaslik, shuningdek belgilangan bojlar yoki yigʻimlarni toʻlamaslik talab etilayotgan ustunlikni eʼtirof etmaslikka sabab boʻladi.
Boshqa (keyingi) talabnomani topshirish, birinchi talabnomaning mavzusi boʻlgan seleksiya yutugʻini eʼlon qilish yoki undan foydalanish, basharti bu ishlar ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan muddat ichida amalga oshirilgan boʻlsa, keyingi talabnomani rad etish uchun asos boʻlolmaydi. Bunday faktlar uchinchi shaxslarning biron-bir huquqlari paydo boʻlishi uchun ham asos boʻlolmaydi.
