1-modda. Asosiy tushunchalar
Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida (270-I-son) · Sana: 30.08.1996 · Kuchini yo'qotgan
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanilmoqda:
“seleksiya yutugʻi” — oʻsimliklar navi, hayvonlar zoti;
“nav” — oʻsimliklar guruhi boʻlib, u nasldan naslga barqaror oʻtuvchi, muayyan genotip yoki genotiplar kombinatsiyasini boshqalardan ajratib turuvchi belgilarga qarab aniqlanadi va ayni bir botanik taksondagi boshqa oʻsimliklar guruhidan bir yoki bir necha belgilari bilan farqlanadi. Klon, liniya, birinchi avlod duragayi, populatsiya navning muhofaza qilinadigan obyektlaridir;
“zot” — genetik jihatdan oʻzaro bogʻliq biologik va morfologik xususiyatlari hamda belgilariga qarab aniqlanadigan hayvonlar (shu jumladan parrandalar, hasharotlar, ipak qurti) yoki ularning duragaylari guruhi boʻlib, bu xususiyatlar hamda belgilarning ayrimlari muayyan guruhgagina xos boʻlib, uni hayvonlarning boshqa guruhlaridan farqlab turadi. Zot guruhi, zot ichidagi tip (zonal tip), zavod tipi, zavod liniyasi, zot oilasi, partenoklonlar, liniyalar, duragaylar zotning muhofaza qilinadigan obyektlaridir;
“arizachi” — patent yoki guvohnoma berish haqida talabnoma topshirgan jismoniy yoxud yuridik shaxs;
“patent egasi” — seleksiya yutugʻining egasi boʻlib, uning mulk huquqi himoya hujjatiga (patent yoki guvohnomaga) asoslanadi;
“patentga egalik qiluvchi” — seleksiya yutugʻining egasi boʻlib, uning mulk huquqi patentga asoslanadi;
“guvohnomaga egalik qiluvchi” — seleksiya yutugʻining egasi boʻlib, uning mulk huquqi guvohnomaga asoslanadi;
“ish beruvchi” — seleksiya yutugʻini yaratish toʻgʻrisida topshiriq bergan va bu topshiriq bajarilishini pul bilan taʼminlaydigan jismoniy yoki yuridik shaxs;
“litsenziar” — seleksiya yutugʻiga taalluqli himoya hujjatining egasi boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
“litsenziat” — litsenziardan seleksiya yutugʻidan litsenziya shartnomasi asosida foydalanish huquqini olgan jismoniy yoki yuridik shaxs.
