Patent vakillarini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3209-son)
30.12.2019
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 30-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3209]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-iyuldagi 298-son “Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq
1. Patent vakillarini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari T. Abdusattarov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2019-yil 30-dekabr,
565-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 30-dekabrdagi 565-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Patent vakillarini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-iyuldagi 298-son qarori bilan tasdiqlangan Patent vakillari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq patent vakillarini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
patent vakili — yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) hamda boshqa tashkilotlar oldida intellektual mulk obyektlariga huquqiy muhofaza olish va uni amalga oshirish masalalari boʻyicha vakillik qilish huquqi berilgan jismoniy shaxs;
patent vakillarini qayta tayyorlash — mutaxassisning intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza va himoya qilish sohasida professional ishtirokchi maqomida ishlashi uchun zarur boʻlgan yangi nazariy va amaliy bilimlar, koʻnikmalar hamda tajribalarni oʻzlashtirish kursi;
patent vakillarini malakasini oshirish — mutaxassisning professional darajasining doimiy oʻsishini taʼminlovchi,intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza va himoya qilish sohasidagi nazariy va amaliy bilimlar,koʻnikmalar va tajribalarni tizimli toʻldirish hamda chuqurlashtirish kursi.
2. Patent vakillarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish yuqori malakali kadrlar tayyorlashni taʼminlash, ularning intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza va himoya qilish sohasidagi nazariy va amaliy bilimlarini chuqurlashtirish va yangilash, ular kasbiy tayyorgarligining zamonaviy talablarga muvofiqligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga qabul qilish va oʻquv jarayoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Markazning rasmiy veb-saytida oʻquv kurslari boshlanishidan kamida ikki oy oldin joylashtiriladi.
4. Patent vakillari Markaz bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, toʻlov asosida oʻqitiladi.
5. Patent vakili qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga Markaz direktorining buyrugʻi asosida qabul qilinadi.
6. Patent vakili Markazga qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari boshlangandan soʻng uch kun ichida quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
pasport yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjat (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom hamda diplom ilovasi (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
3,5 x 4,5 sm oʻlchamdagi 2 dona rangli fotosurat;
shartnoma shartlariga muvofiq toʻlov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati nusxasi.
2-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv jarayoni
7. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqitish Markaz tomonidan ishlab chiqilgan va Agentlik bilan kelishilgan oʻquv dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Oʻquv dasturlari intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilish hamda taʼlim sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar asosida takomillashtirib boriladi.
9. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv jarayonlari maʼruza, seminar, ish oʻrganish amaliyoti va amaliyot sinovi, bitiruv malakaviy ishini himoya qilish hamda yakuniy imtihon shaklida tashkil etilishi mumkin.
10. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridagi oʻquv jarayonlari 10 nafar patent vakillaridan iborat akademik guruhlarda tashkil etiladi.
11. Oʻqish davrida patent vakillariga Markaz tomonidan oʻquv-metodik materiallar (bosma va elektron) taʼminlab beriladi.
12. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida mashgʻulotlar oʻtkazish uchun oliy taʼlim muassasalarining yuqori malakali pedagog kadrlari, shuningdek mahalliy va xorijiy mutaxassislar ham jalb etilishi mumkin.
13. Qayta tayyorlash oʻquv kurslarida oʻqish kasbiy faoliyatdan ajralgan holda, malaka oshirish oʻquv kurslarida esa ajralgan yoki ajralmagan holda, shuningdek masofaviy taʼlim texnologiyalaridan foydalanish asosida amalga oshirilishi mumkin.
14. Patent vakillari quyidagi sabablarga koʻra kursdan chetlashtiriladi:
oʻz xohishiga binoan;
kasalligi tufayli;
oʻquv intizomini va taʼlim muassasasining ichki tartib-qoidalarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganligi uchun;
qayta tayyorlashda 36 akademik soatdan ortiq, malaka oshirish kurslarida 18 akademik soatdan ortiq oʻquv mashgʻulotlarini uzrli sabablarsiz qoldirganligi uchun;
patent vakillari shartnoma bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarmaganligi uchun;
sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi sababli;
vafot etganligi sababli.
3-bob. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining davomiyligi hamda oʻquv yuklamasining hajmi
15. Patent vakillarini qayta tayyorlash kurslarida oʻqitish davomiyligi olti oyni tashkil etadi.
16. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv yuklamasining eng koʻp hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
17. Qayta tayyorlash kurslarida umumiy oʻqish vaqti hajmi:
auditoriya mashgʻulotlari (maʼruza, seminar) — 14 hafta (504 soat);
ish oʻrganish amaliyoti va amaliyot sinovi — 8 hafta (288 soat);
bitiruv malakaviy ishini tayyorlash — 1 hafta (36 soat);
bitiruv malakaviy ishi himoyasi va yakuniy imtihon — 1 hafta (36 soat) etib belgilanadi.
18. Patent vakillari qayta tayyorlash kurslarining soʻngi haftasida bitiruv malakaviy ishini himoya qiladilar va yakuniy imtihonni topshiradilar.
19. Patent vakillarini malakasini oshirish har besh yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.
20. Malaka oshirish kurslarida oʻquv jarayoni davomiyligi toʻrt haftani tashkil etadi.
21. Malaka oshirish kurslarida umumiy oʻqish vaqti hajmi:
auditoriya mashgʻulotlari (maʼruza, seminar) — 3 hafta (96 soat);
ish oʻrganish amaliyoti — 1 hafta (36 soat);
yakuniy imtihon — 2 kun(12 soat) etib belgilanadi.
22. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari auditoriya mashgʻulotlarining barcha turlari 80 daqiqa davom etadi, oʻquv mashgʻulotlari oraligʻidagi tanaffus kamida 10 daqiqani tashkil etadi.
23. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini toʻliq oʻzlashtirgan patent vakillari bitiruv malakaviy ishi himoyasi va yakuniy imtihonga kiritiladi.
4-bob. Patent vakillarining bitiruv malakaviy ishi himoyasi hamda yakuniy imtihonni tashkil etish va oʻtkazish
24. Patent vakillarining bitiruv malakaviy ishi himoyasi hamda yakuniy imtihonni oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrugʻi bilan Adliya vazirligi, Markaz va Agentlikning yetakchi mutaxassislari orasidan 5 kishidan iborat tarkibda yakuniy imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya tuziladi.
Yakuniy imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya tarkibiga oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ham jalb qilinishi mumkin.
25. Qayta tayyorlash kursini tugatayotgan patent vakillarining bitiruv malakaviy ishi himoyasi yakuniy imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiya ishtirokida amalga oshiriladi.
26. Qayta tayyorlash kursini tugatayotgan patent vakillarining bilimi test va suhbatdan oʻtish asosida, malaka oshirish kurslarini tugatayotgan patent vakillarining bilimi esa suhbatdan oʻtish asosida baholanadi.
27. Yakuniy imtihon natijalari Markazning rasmiy veb-saytida shu kunning oʻzida joylashtiriladi.
28. Yakuniy imtihon oʻtkazish boʻyicha komissiyaning qarori asosida qayta tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan patent vakillariga 1-ilovaga muvofiq shakldagi diplom, malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan patent vakillariga esa 2-ilovaga muvofiq shakldagi sertifikat beriladi.
29. Yakuniy imtihonda qoniqarsiz natija koʻrsatgan patent vakillariga qayta tayyorlash va malaka oshirish oʻquv kursini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma beriladi.
5-bob. Yakuniy qoida
30. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Patent vakillarini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Patent vakillarining qayta tayyorlash kursini tugatganligi toʻgʻrisidagi diplomning namunasi
Patent vakillarini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Patent vakillarining malaka oshirish kursini tugatganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning namunasi
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2019-y., 10/20/3209/0022-son)
