2019-2021-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish toʻgʻrisida (1053-son)
31.12.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyatining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, turizm salohiyati yuqori hududlarning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash orqali turistlar sayyohati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, viloyatning oʻziga xos tabiiy hududlarida yangi turizm yoʻnalishlarini tashkil etish, turistlar oqimini yanada koʻpaytirish, zamonaviy turizm infratuzilmasining jadal rivojlanishini taʼminlash, shuningdek, turizm yoʻnalishlaridagi tadbirkorlik sohasiga ushbu hududlar aholisini keng jalb qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Toshkent viloyati hokimligining:
viloyatning Boʻstonliq, Ohangaron, Parkent, Boʻka, Chinoz, Zangiota tumanlari va Angren shahrida zarur infratuzilmani shakllantirish orqali ular oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlikni taʼminlash asosida turistlarning uzluksiz sayohatlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ushbu hududlarni “Oltin halqa” turizm konsepsiyasi asosida rivojlantirish;
Parkent tumanining “Kumushkon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida zarur infratuzilmani barpo etish, oilaviy mehmon uylari faoliyatini va qoʻshimcha turizm xizmatlarini yoʻlga qoʻyish hamda mahalliy aholini turizm sohasidagi tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida “Kumushkon turizm qishlogʻi”ni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
2020-2021-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish va “Oltin halqa” turizm konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 2-ilovaga muvofiq;
Parkent tumanining “Kumushkon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Kumushkon turizm qishlogʻi”ni tashkil etish chora-tadbirlari rejasi (keyingi oʻrinlarda Reja deb ataladi) 3-ilovaga muvofiq;
Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda:
Dasturda va Rejada belgilangan tadbirlar va loyihalarni oʻz vaqtida, toʻliq hajmda sifatli bajarilishining tizimli monitoringini olib borsin va uning natijalarini har oyda muhokama qilsin;
muammoli masalalarni joyiga chiqqan holda oʻrganish va ularni tezkorlik bilan hal etish boʻyicha amaliy choralar koʻrsin.
Dasturda va Rejada belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishi holati yuzasidan har chorak yakunlari boʻyicha keyingi oyning 10-kuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3217-son qaroriga asosan tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashga maʼlumot kiritib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorga ilovalarga muvofiq markazlashtiriladigan mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni 2020-2021-yillar davomida Dasturga kiritilgan loyihalar koʻrsatkichlarini aniqlashtirgan holda kelgusi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturlari parametrlari shakllantirilishi jarayonida inobatga olinishini taʼminlasin
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.U. Akkulov va Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi R.Q. Xolmatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 31-dekabr,
1053-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi 1053-son qaroriga 2-ILOVA
2020-2021-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish va “Oltin halqa” turizm konsepsiyasini amalga oshirish
CHORA-TADBIRLARI DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31 dekardagi 1053-son qaroriga3-ILOVA
Parkent tumanining “Kumushkon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Kumushkon turizm qishlogʻi”ni tashkil etish
CHORA-TADBIRLARI REJASI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi 1053-son qaroriga4-ilova
Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining
MANZILLI ROʻYXATI
