5-modda. Undirish obyektlari
Davlat boji toʻgʻrisida (O‘RQ-600-son) · Sana: 06.01.2020 · Amalda
Davlat boji quyidagilardan undiriladi:
1) fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga beriladigan daʼvo arizalaridan, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning, jamoat birlashmalarining maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan yuzaga kelmaydigan qarorlari hamda ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan daʼvo arizalaridan, alohida tartibda yuritiladigan ishlarga doir arizalardan, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning hal qiluv qarorlari, ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi, sud jarimalarini solish toʻgʻrisidagi ajrimlar ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlaridan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi arizalardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish haqidagi, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlaridan, mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalardan, mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlaridan, chet davlat sudining hamda chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi arizalardan, chet davlat sudining hamda chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlaridan, shuningdek fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan hujjatlarning dublikatlarini va koʻchirma nusxalarini berganlik uchun;
2) iqtisodiy sudlarga beriladigan daʼvo arizalaridan, toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizalardan, nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida ishga kirishish haqidagi arizalardan, iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari yuzaga kelishi, oʻzgarishi yoki bekor boʻlishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi arizalardan, iqtisodiy sudning hal qiluv qarorlari, ish yuritishni tugatish haqidagi, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi, sud jarimalarini solish haqidagi ajrimlar ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlaridan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi, arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish haqidagi arizalardan, hakamlik sudining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi, arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish haqidagi ishlar boʻyicha iqtisodiy sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlaridan, mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizalardan, mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish haqidagi ishlar boʻyicha iqtisodiy sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlaridan, chet davlat sudining, arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi arizalardan, chet davlat sudining, arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi ishlar boʻyicha sud ajrimlari ustidan beriladigan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyatlaridan, shuningdek iqtisodiy sudlar tomonidan hujjatlarning dublikatlarini va koʻchirma nusxalarini berganlik uchun;
