Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlarini moddiy-texnik taʼminlashni yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (298-son)
27.08.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlarining tarkibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1996-yil 25-iyuldagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qapop qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy xoʻjalik sudiga ajratilgan shtat birliklarini mablagʻ bilan taʼminlash, binoni tuzatish, muhofaza xizmatlari haqi toʻlash, shuningdek, ilovaga koʻra, mebellar, avtotransport, tashkiliy-texnika, boshqa zarur mol-mulklar sotib olish uchun mablagʻ ajratsin.
2. “Oʻzbekmebel” davlat-aksionerlik birlashmasi, “Oʻzavtosanoat” uyushmasi 1996-yil davomida Oliy xoʻjalik sudiga ilovaga* muvofiq zarur mebel va avtotransport ajratsinlar.
* Ilova berilmaydi.
3. “Oʻzulgurjibirjasavdo” uyushmasi Oliy xoʻjalik sudining buyurtmanomalariga koʻra tashkiliy-texnika va boshqa moddiy resurslarni xarid qilishni va yetkazib berishni amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi belgilangan tartibga koʻra xoʻjalik sudlari binolarini qoʻriqlashni taʼminlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xoʻjalik sudlarining samarali ishlashlari uchun shart-sharoitlar yaratib bersinlar, zarur boʻlganda alohida binolar ajratsinlar va uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasini xabardor qilsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 27-avgust,
298-son
