“Har bir oila-tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida (3022-3-son)
30.12.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 30-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3022-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PQ-4231-son “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va 2019-yil 24-oktabrdagi PQ-4498-son “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 8-iyundagi 20/1-son qarori (roʻyxat raqami 3022, 2018-yil 9-iyun) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2018-y., 10/18/3021/1333-son) bilan tasdiqlangan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 21-dekabr,
31/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 21-dekabrdagi 31/1-son qaroriga ILOVA
“Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Muqaddimadagi “tijorat banklari” degan soʻzlar “AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB va “Agrobank” ATB (bundan buyon matnda tijorat banklari deb yuritiladi)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Kreditlar dastur doirasidagi resurslar hisobidan ajratiladi.”.
3. 2-bobning nomidan, 3, 10, 11 va 12-bandlardan, 4-bobning nomidan, 17, 18, 20 — 23, 31 va 33-bandlardan “imtiyozli” degan soʻz chiqarib tashlansin.
4. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Kreditlar tijorat banklari orqali Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida, 2021-yil 1-yanvardan esa tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda ajratiladi.
Tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarning bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi qoʻllaniladi.”.
5. 16-banddan “yillik 8 foiz stavkada imtiyozli” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
6. 32-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Import shartnomalari asosida kredit mablagʻlari hisobidan xorijdan keltiriladigan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha toʻlovlar mazkur shartnomalarda nazarda tutilgan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi.”.
