Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi huzuridagi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining vakolatxonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (1041-son)
26.12.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xitoy Xalq Respublikasiga oliy darajadagi tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora–tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 4-maydagi PQ-4308-son qarorini ijro etish yuzasidan, shuningdek, yirik korxonalar, investitsiya fondlari va moliya institutlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston Respublikasiga Xitoy Xalq Respublikasidan (keyingi oʻrinlarda XXR deb ataladi) jalb etiladigan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmlarini koʻpaytirish, XXR bozoriga mahalliy tovarlar va xizmatlar eksporti hajmini oshirish va tarkibini diversifikatsiya qilish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish, ikki mamlakat tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, Oʻzbekistonda investitsiya faoliyatining istiqbollari toʻgʻrisida XXRning istiqbolli investorlarini muntazam xabardor qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xitoy Xalq Respublikasiga oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 4-maydagi PQ-4308-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining XXRdagi vakolatxonasi (keyingi oʻrinlarda Vakolatxona deb ataladi) Pekin shahrida tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Vakolatxona faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
oliy darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha “yoʻl xaritalari”ga kiritilgan XXR bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlik sohasidagi aniq loyihalar va dasturlar amalga oshirilishini va samarali monitoring olib borilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyoti tarmoqlari va infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga xorijiy investitsiyalar, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar, ilgʻor texnologiyalar va moliyaviy-texnik koʻmak dasturlari, XXRning investitsiya fondlari va moliya institutlari jalb etilishini taʼminlash, shuningdek, ular samarali oʻzlashtirilishiga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasi tadbirkorlik subyektlarining mahsulotlari va xizmatlari XXR bozoriga olib kirilishini tashkil etish hisobiga mahalliy tovarlar va xizmatlar eksporti hajmlarini oshirish, oʻzaro tovar aylanmasi nomenklaturasini kengaytirishga koʻmaklashish;
XXR provinsiyalari maʼmuriyatlari va tashkilotlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarining hamkorligini yoʻlga qoʻyishni tizimli tashkil etish;
salohiyatli investorlarni izlashda uzoq muddatli sheriklik aloqalarini oʻrnatish, savdo va investitsiya shartnomalarini tuzish, ishbilarmon doiralar ishtirokida muzokaralar va boshqa tadbirlarni tashkil etish, qoʻshma korxonalar tashkil etish va tadbirkorlikning boshqa shakllarini rivojlantirish, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun loyiha takliflari va boshqa zarur materiallarni tayyorlashda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;
tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish, tranzit salohiyatini oshirish, logistika va transport yoʻlaklarini takomillashtirish, eksport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo yuklarini tashish va tranzit qilish uchun imtiyozli rejimlarni qoʻllash boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi huzuridagi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakolatxonasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi huzuridagi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakolatxonasining shtat jadvali 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi huzuridagi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakolatxonasining xarajatlari smetasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Vakolatxona faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
2024-yildan boshlab har yili Vakolatxonaning xarajatlar smetasi tasdiqlangandan soʻng Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi soʻroviga asosan 10 kun muddatda Energetika, Raqamli texnologiyalar, Qishloq xoʻjaligi, Suv xoʻjaligi vazirliklari hamda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tomonidan maqsadli pul mablagʻlari oʻtkazib berilishi taʼminlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2019-yilda shtat jadvaliga muvofiq mehnatga haq toʻlagan holda Vakolatxona faoliyatini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xarajatlari smetasiga qoʻshimcha mablagʻ ajratsin;
2020-yildan boshlab Vakolatxona xarajatlarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligini moliyalashtirishni amalga oshirsin;
Vakolatxonaga yettita, shu jumladan, budjet mablagʻlari hisobidan uchta avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:
ikki oy muddatda Vakolatxona rahbari va xodimlari javobgarligi va faoliyatini baholash mezonlarini nazarda tutuvchi Vakolatxona toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
bir oy muddatda shtatlar jadvaliga muvofiq mutasaddilik qilinadigan yoʻnalishlar boʻyicha Vakolatxonani malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Vakolatxonaning Pekin shahrida joylashtirilishi va jihozlanishini taʼminlasin, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga muvofiq uning faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etsin.
7. Belgilansinki:
Vakolatxona Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga hisobot beradi va oʻz faoliyatini vazirning umumiy rahbarligi ostida amalga oshiradi;
Vakolatxonaga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
Vakolatxona direktori oʻz darajasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining XXRdagi elchixonasi maslahatchisi lavozimiga tenglashtiriladi va oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiradi;
Vakolatxona Oʻzbekiston Respublikasining XXRdagi xorijiy tashkilotlariga respublikaga investitsiyalarni, asosan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni, moliyaviy-texnik koʻmak mablagʻlarini va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovarlari eksportini ragʻbatlantirishda, shuningdek, turistlar oqimini jalb qilish masalalarida har tomonlama koʻmaklashadi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzoqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-dekabr,
1041-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-dekabrdagi 1041-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi huzuridagi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakolatxonasining tuzilmasi
Direktor Direktor oʻrinbosari Infratuzilma (kommunal xizmat, yoʻl qurilishi va boshqalar) boʻyicha menejer (1) Investitsiyalar boʻyicha menejer (1) Energetika boʻyicha menejer (1) Moliya institutlari bilan ishlash boʻyicha menejer (1) Raqamli texnologiyalar boʻyicha menejer (1) Eksport va import operatsiyalari boʻyicha menejer (1) Qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha menejer (1) Buxgalter va xoʻjalik mudiri (1) Elektrotexnika boʻyicha menejer (1)
Xodimlarning umumiy cheklangan soni 11 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-dekabrdagi 1041-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi huzuridagi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakolatxonasining shtat jadvali
AQSh dollari T/r Lavozimi Shtatlar soni Oylik maosh Ish haqi fondi 1. Direktor 1 2 805,0 33 660,0 2. Direktor oʻrinbosari 1 2 475,0 29 700,0 3. Investitsiyalar boʻyicha menejer 1 2 475,0 29 700,0 4. Infratuzilma (kommunal xizmat, yoʻl qurilishi va boshqalar) boʻyicha menejer 1 2 475,0 29 700,0 5. Energetika boʻyicha menejer 1 2 475,0 29 700,0 6. Raqamli texnologiyalar boʻyicha menejer 1 2 475,0 29 700,0 7. Qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha menejer 1 2 475,0 29 700,0 8. Elektrotexnika va yengil sanoat boʻyicha menejer 1 2 475,0 29 700,0 9. Moliya institutlari bilan ishlash boʻyicha menejer 1 1 980,0 23 760,0 10. Eksport va import operatsiyalari boʻyicha menejer 1 1 980,0 23 760,0 11. Buxgalter va xoʻjalik mudiri 1 1 980,0 23 760,0 Jami: 11 26 070,0 312 840,0
Izoh:
Energetika, raqamli texnologiyalar, qishloq va suv xoʻjaligi hamda elektrotexnika sanoati boʻyicha menejerlarning moddiy taʼminoti boʻyicha barcha xarajatlar (oylik ish haqi, ijtimoiy sugʻurta, yashash boʻyicha ijara toʻlovlari, farzandlarni oʻqitish xarajatlari, xizmat safari, aloqa va boshqalar), shuningdek, qoʻshimcha 4 ta avtotransport vositasi sotib olish va saqlash xarajatlari tegishli ravishda Energetika, Raqamli texnologiyalar, Qishloq xoʻjaligi hamda Suv xoʻjaligi vazirliklari, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
Qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha menejer xarajatlari Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan teng ulushda qoplanadi.
Elektrotexnika sanoati boʻyicha menejer xarajatlari “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tomonidan qoplanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-dekabrdagi 1041-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi huzuridagi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakolatxonasining xarajatlari smetasi
T/r Xarajatlar Kategoriya Modda 3 oylik xarajatlar miqdori AQSh dollarida soʻmda* 1. Ish xaqi 41 10 46 035,0 2. Ijtimoiy ehtiyojlar uchun boshqa badallar va ajratmalar 41 21 3 500,0 3. Xizmat safari xarajatlari 42 10 46 890,0 450 144,0 4. Kommunal xizmatlar uchun xarajatlar 42 20 6 278,5 5. Saqlab turi� va joriy taʼmirlash 42 30 4 375,0 6. Ijara xarajatlari 42 40 59 400,0 7. Moddiy aylanma mablagʻlar zaxiralariga xarajatlar 42 50 5 305,2 8. Tovarlar va xizmatlarni sotib olish uchun boshqa xarajatlar 42 90 5 100,0 9. Asosiy fondlarni sotib olish 43 50 207 300,0 10. Boshqa xarajatlar 48 00 9 750,0 Itogo: 393 933,7 450 144,0
* Zarurat boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tasdiqlangan budjet doirasida ushbu xarajatlar smetasiga oʻzgarishlar kiritishi mumkin.
