54-modda. Chet ellik investorlarning xoʻjalik faoliyati
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-598-son) · Sana: 25.12.2019 · Amalda
Chet ellik investorlarning xoʻjalik faoliyati, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni, ularning shuʼba korxonalarini, filiallarini hamda boshqa tuzilmalarini, shuningdek xoʻjalik uyushmalari va birlashmalarini tashkil etishga, sotishga, qayta tashkil etishga yoki tugatishga, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning fondlarini shakllantirishga, ijara shartnomalarini va boshqa shartnomalarni tuzishga doir xoʻjalik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soliqlar va toʻlovlar toʻlaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning chet el valyutasidagi barcha xarajatlari ularning oʻz valyuta tushumlari, shuningdek chet el valyutasini olishning qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa manbalari hisobidan taʼminlanishi kerak. Ularning oʻzini-oʻzi valyuta bilan qoplashi tashkil etiladigan birlashmalar va boshqa tashkiliy tuzilmalar faoliyati doirasida ham taʼminlanishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar eksport-import operatsiyalarini qonunchilik talablariga rioya etgan holda mustaqil ravishda amalga oshiradi. Shaxsiy ishlab chiqarish mahsulotlarining eksporti litsenziyalanmaydi va kvotalanmaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun mahsulotni Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq litsenziyasiz import qilishga haqli. Eksport uchun yetkazib berilayotgan shaxsiy ishlab chiqarish mahsulotini va korxonalar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun import qilinayotgan mahsulotni aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Chet ellik investorlarning, chet davlatlar fuqarolarining va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi, chet ellik investorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlib turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mol-mulkdan bojxona boji undirilmaydi.
Ixtirolarni va sanoat namunalarini investitsiyalar sifatida kirituvchi chet ellik investorlarga hamda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga tegishli boʻlgan ixtirolarni patentlash hamda sanoat namunalarini joriy etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
