50-modda. Investitsiyalarni sugʻurtalash
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-598-son) · Sana: 25.12.2019 · Amalda
Investorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy ravishda faoliyat koʻrsatayotgan har qanday sugʻurta tashkilotida sugʻurta himoyasiga boʻlgan huquqdan foydalanadi. Investitsiyalarni siyosiy va boshqa tavakkalchiliklardan sugʻurtalash xalqaro tashkilotlar, chet el agentliklari, boshqa sugʻurta kompaniyalari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiyalarni sugʻurtalashni amalga oshiruvchi sugʻurta tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydi. Davlat sugʻurta tashkilotlarining majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydi, bundan taraflarning bitimlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Investitsiyalarni sugʻurtalash siyosiy va boshqa tavakkalchiliklardan, shu jumladan quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi tavakkalchiliklardan sugʻurta himoyasini hamda kafolatlarini taʼminlaydi:
mulkning rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilinishini, shuningdek mulkni olib qoʻyishga yoki uni boshqa shaxsga berishga, uning ustidan yoki undan olinadigan daromadlar ustidan nazoratning yoʻqolishiga olib keladigan har qanday qonunchilik yoki maʼmuriy choralarni;
chet el valyutasini mamlakatdan tashqariga oʻtkazish boʻyicha cheklovlar joriy etishni;
davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining va ular mansabdor shaxslarining investorlar shartnomaviy munosabatlariga aralashuvini;
urushlarni, fuqarolarning tartibsizliklari va boshqa shunga oʻxshash voqealarni;
investorlar va chet el investitsiyalari bilan bogʻliq boʻlgan siyosiy va oʻzga tavakkalchiliklarning boshqa turlarini.
