44-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasini bekor qilish shartlari
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-598-son) · Sana: 25.12.2019 · Amalda
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash doirasidagi qoʻshimcha kafolatlar va qoʻllab-quvvatlash choralarining (imtiyozlar va preferensiyalarning) amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilish muddati tugagach bekor qilinadi yoxud ushbu moddada belgilangan tartibda bunday muddatning tugashiga qadar bekor qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishi quyidagi hollarda muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin:
taraflarning oʻzaro kelishuviga binoan;
bir tomonlama tartibda.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi boʻyicha majburiyatlar chet ellik investor tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi chet ellik investorga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasiga oʻzgartirishlar kiritish uchun investitsiya loyihasini toʻxtatib turish va (yoki) uni bundan buyon amalga oshirish imkoniyatini asoslovchi hujjatlarni taqdim etish zarurligi toʻgʻrisida yozma xabarnoma yuboradi.
Agar chet ellik investor tomonidan yozma xabarnoma olingan paytdan eʼtiboran uch oy mobaynida investitsiya loyihasini toʻxtatib turish va (yoki) uni bundan buyon amalga oshirish imkoniyatini asoslovchi hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa, investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishini muddatidan oldin tugatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga taqdimnoma kiritadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining xulosasini olganidan keyin chet ellik investorga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishi muddatidan oldin bir tomonlama tartibda bekor qilinganligi toʻgʻrisida yozma xabarnoma yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi bekor qilingan taqdirda, chet ellik investor investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi boʻyicha berilgan qoʻshimcha kafolatlar va qoʻllab-quvvatlash choralari (imtiyozlar va preferensiyalar) tufayli budjetga toʻlanmagan soliqlar va toʻlovlarning summalarini toʻlaydi.
