31-modda. Investorlarga va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilishda koʻmaklashish
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-598-son) · Sana: 25.12.2019 · Amalda
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi investorlarga boshqa davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilishda koʻmaklashish maqsadida ishni “yagona darcha” tamoyili boʻyicha tashkil etadi.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi va uning hududiy boʻlinmalari ishlarni “yagona darcha” tamoyili boʻyicha tashkil etish maqsadida davlat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlaydi, shu jumladan tegishli Davlat xizmatlari markazlari orqali taʼminlaydi.
Ishlarni “yagona darcha” tamoyili boʻyicha tashkil etish quyidagilarni ham oʻz ichiga oladi:
mavjud davlat xizmatlari masalalari boʻyicha qabul qilish va maslahat berish;
davlat xizmatlarini olish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirishda yordamlashish;
elektron raqamli imzoni, elektron arizani va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda yordamlashish;
davlat xizmatlarini olishda investorga davlat boshqaruvi organlarida va mahalliy davlat hokimiyati organlarida hamrohlik qilish.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga chet el investitsiyalarini va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish hamda ular ishtirokida loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq muammolarni hal etishda koʻmaklashadi.
