27-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini tartibga solish boʻyicha vakolatlari
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-598-son) · Sana: 25.12.2019 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz vakolatlari doirasida hamda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda quyidagilarni amalga oshiradi:
mahalliy darajada mamlakatning tegishli hududiga investitsiya qilish hajmlarini kengaytirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan investitsiya siyosatini olib borish, shu jumladan investitsiyalarni jalb qilish, hududda investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, tegishli hududdagi korxonalarning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash;
investitsiya qilishni talab qiladigan istiqbolli loyihalarni, shuningdek boʻsh turgan davlat mulki obyektlarini hamda yer uchastkalarini hududlarning ehtiyojlari va salohiyatidan (resurs, tabiiy-iqlim, mehnat va h.k.) kelib chiqqan holda oʻrganish va aniqlash;
investorlarning faoliyati bilan bevosita bogʻliq masalalarni, shuningdek zarur hollarda, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish vositasida istiqbolli tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;
tegishli hududdagi investitsiya loyihalarini, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi omillarni aniqlash, ularni hal etish boʻyicha tezkor choralar koʻrish;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar faoliyatini, shuningdek investorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilishini tahlil qilish asosida tegishli hududning iqtisodiyotiga jalb etilayotgan investitsiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish;
tegishli hududning chet el banklari, fondlar, agentliklar va kompaniyalar bilan investitsiyaviy hamkorlik yoʻnalishlarini oʻzaro manfaatli asosda rivojlantirish va diversifikatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
investitsiyalarni tegishli hududga jalb etish boʻyicha asosiy yoʻnalishlarni va yanada qulay shart-sharoitlar yaratish uchun chet el investitsiyalarini jalb qilish sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish.
