9-modda. Urugʻliklarni import va eksport qilish
Urugʻchilik toʻgʻrisida (267-I-son) · Sana: 29.08.1996 · Amalda
Urugʻliklarni import qilishga quyidagi shartlarda yoʻl qoʻyiladi, agar:
ular davlat sinovidan oʻtgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xoʻjalik ekinlari Davlat reyestriga kiritilgan navning urugʻi boʻlsa;
ularni import qilishga oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatining ruxsatnomasi mavjud boʻlsa;
ularning muvofiqlik sertifikati va muvofiqlik belgisi mavjud boʻlsa;
ularga eksport qilayotgan mamlakat tomonidan fitosanitariya sertifikati berilgan boʻlsa;
ular seleksiya va tadqiqot ishlariga, koʻrgazmaga qoʻyishga moʻljallangan boʻlsa.
Ilmiy va nav sinash maqsadlarida import va eksport qilinayotgan urugʻliklar uchun boj toʻlovi undirilmaydi, ular kvotalanmaydi va litsenziyalanmaydi.
Urugʻliklarni eksport qilishga Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi yoki u vakolat bergan organning xulosasi mavjud boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
Eksport qilinadigan urugʻliklarga Oʻzbekiston Respublikasi oʻsimliklar karantini xizmati tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati ilova qilinadi.
