1-modda. Asosiy tushunchalar
Urugʻchilik toʻgʻrisida (267-I-son) · Sana: 29.08.1996 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
“urugʻlik” — oʻsimlikning nav va duragaylarni saqlab qolish, takror yetishtirish uchun ishlatiladigan botanik donlari yoki boshqa qismlari;
“reproduksion urugʻliklar” — fond urugʻliklarini va ularning keyingi reproduksiyalarini koʻpaytirishdan olinadigan urugʻliklar;
“duragay urugʻliklar” — turkumdoshlarni chatishtirishdan olinadigan urugʻliklar;
“genetik sifat (nav sifati)” — muayyan nav urugʻlikning genetik (nav) jihatidan qanchalik toza ekanligini bildiruvchi koʻrsatkichlar majmui;
“ekinboplik xususiyati” — urugʻliklarning ekishga qanchalik yaroqli ekanligini bildiruvchi koʻrsatkichlar majmui;
“urugʻlik turkumi” — bir turdagi (muayyan ekin, nav, reproduksiya, toifa, genetik (nav) tozalikdagi, muayyan yil hosilidan olingan, kelib chiqishi bir), hujjat bilan tasdiqlangan maxsus jamlangan urugʻlikning bir xil miqdori;
“aprobatsiya qilish” — oʻsimliklarning genetik (nav) jihatidan qanchalik toza ekanligini, kasalliklarga, zararkunandalarga chidamliligi va ekishga moʻljallangan urugʻlikning umumiy holatini aniqlash maqsadida dalada oʻtkaziladigan tadqiqot;
“patent egasi (litsenziar)” — seleksiya navining egasi, duragay egasi huquqini qonun hujjatlariga muvofiq olgan shaxs.
