Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi mablagʻlari hisobiga barpo etilgan ijtimoiy soha obyektlariga egalik qilish huquqlarini oʻzaro tan olish
02.02.1994
Protokol
Ushbu Protokol qatnashchilari boʻlgan davlatlarning Hukumatlari, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
iqtisodiy munosabatlarni Tomonlardan har birining mulkka egalik qilish huquqlarini oʻzaro hurmat qilish asosida qurish uchun oʻz intilishlarini tasdiqlab, quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar mazkur Protokol qatnashchilari boʻlgan davlatlarning mulki hisoblanadigan korxonalar va ijtimoiy soha obyektlarining oʻz hududlarida boʻlishini tan olishning zarurligi toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Sanatoriylar, sanatoriy-profilaktoriylar, dam olish uylari va shunga oʻxshash joylar, pansionatlar, mehmonxonalar va kempinglar, turistik va yoʻl-yoʻlakay dam oladigan joylar, bolalar sogʻlomlashtirish muassasalari mazkur Protokolda koʻrib chiqiladigan obyektlar hisoblanadi. Ijtimoiy sohaning boshqa obyektlari Tomonlarning oʻzaro shartlashib olishlariga koʻra ushbu Protokolning mavzui boʻlishi mumkin.
2-modda
Tomonlar bir-birlarining hududlarida Protokol tuzish qatnashchilari boʻlgan davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslariga qarashli boʻlgan ijtimoiy soha obyektlarini, shu jumladan, qoʻshma obyektlarni barpo etishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar boshqa davlatlar hududlaridagi respublika budjetlari mablagʻlari, shuningdek, respublikaga va sobiq ittifoqqa boʻysunuvchi korxonalar va tashkilotlar mablagʻlari hisobiga ilgari barpo etilgan korxonalar va ijtimoiy (yoki tegishli hissa qoʻshilgan) soha obyektlari davlatlarning eki ularni bunyod etishda kim pul bilan taʼminlab turgan boʻlsa, oʻshalarning yoxud yuqorida koʻrsatilgan respublikaga va sobiq ittifoqqa boʻysunuvchi korxonalar va tashkilotlar kimga tegishli boʻlsa, oʻshalarning mulki hisoblanishini tan olish zarurligini kelishib oldilar.
4-modda
Tomonlar qonuniy ravishda olingan pul daromadlarini va qoʻshma obyektlar va boshqa protokol qatnashchilari boʻlgan davlatlarning, ularning jismoniy va yuridik shaxslarining mulki hisoblanadigan obyektlarning toʻlovlarini (obyekt joylashgan davlatning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliqlar va yigʻimlar toʻlangandan soʻng) hech qanday toʻsiqlarsiz oʻtkazishni kafolatlashning zarurligi toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Pul oʻtkazish Tomonlarning hisob-kitob va boshqa operatsiyalarida ruxsat etilgan istalgan valyutada amalga oshiriladi.
5-modda
Tomonlar hozir ishlab turgan va qurilayotgan yoxud sotib olingan obyektlarga yerdan foydalanganlik uchun obyekt joylashgan davlatning qonun hujjatlarida aniqlab beriladigan umumiy shartlarda toʻlovlarni belgilaydilar.
6-modda
Tomonlar shuni shartlashib oldilarki, bir davlat mulkiga tegishli boʻlgan va boshqa davlat hududida joylashgan ijtimoiy soha obyektlarini xususiylashtirish mulk egasining qaroriga koʻra amalga oshiriladi. Xususiylashtirish tartibi va shartlari Tomonlar oʻrtasida tuzilgan bitim bilan belgilanadi.
7-modda
Tomonlar Protokol qatnashchilari boʻlgan davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslariga tegishli boʻlgan ijtimoiy soha obyektlariga nisbatan mulkka egalik qilish huquqi shu obyektlar hududida joylashgan davlat tomonidan taʼminlanadigan toʻliq va soʻzsiz huquqiy himoyadan hamda Tomonlar oʻrtasidagi shartnomalardan foydalanishlarini tasdiqlaydilar.
8-modda
Tomonlar 1994-yilning 1-martigacha huquqlarni oʻzaro tan olish va mazkur Protokol qatnashchilari boʻlgan davlatlar yuridik hamda jismoniy shaxslarining mulkchilik munosabatlarini tartibga solish toʻgʻrisida hukumatlararo Bitim tuzishning zarurligi haqida kelishib oldilar.
9-modda
Mazkur Protokolni talqin qilish va uning normalarini qoʻllanishga nisbatan bahslar Tomonlarning tegishli organlari oʻrtasida muzokaralar yoʻli bilan qarab chiqilishi kerak.
Protokol 1994-yil 2-fevralda Toshkent shahrida ikki asl nusxada oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi.
(imzolar)
