Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3205-son)
19.12.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 19-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3205]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-iyuldagi PQ-4400-son “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-sentabr,
24/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 28-sentabrdagi 24/5-son qaroriga ILOVA
Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom mikromoliya tashkiloti va lombard (bundan buyon matnda nobank kredit tashkiloti deb yuritiladi) tomonidan qarz oluvchi jismoniy shaxslarga kreditlar (mikroqarzlar) ajratilayotganda qarz yuki koʻrsatkichini hisoblash tartibi va uning ruxsat etilgan miqdorini, shuningdek nobank kredit tashkiloti tomonidan jismoniy shaxslarga ajratiladigan kredit (mikroqarz) boʻyicha kunlik eng yuqori foiz stavkalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
qarz oluvchi — nobank kredit tashkilotiga kredit (mikroqarz) olish uchun murojaat qilgan jismoniy shaxs;
qarz yuki koʻrsatkichi — qarz oluvchining kredit va/yoki mikroqarzlari boʻyicha oʻrtacha oylik toʻlovlari miqdorining uning oʻrtacha oylik daromadi miqdoriga boʻlgan nisbati;
qarz beruvchi — bank, nobank kredit tashkiloti, mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi toʻlov tashkiloti va tovar isteʼmol kreditlarini beruvchi tashkilot;
kredit (mikroqarz) shartnomasi boʻyicha toʻlovlar — kreditning (mikroqarzning) toʻliq qiymati, foizlar, shartnomani tuzish vaqtida maʼlum boʻlgan boshqa toʻlovlar, shu jumladan uchinchi shaxs foydasiga toʻlanadigan toʻlovlar, agar bunday toʻlovlar shartnoma shartlaridan kelib chiqadigan boʻlsa;
oʻrtacha oylik toʻlovlar miqdori — qarz oluvchining kredit (mikroqarz) ajratish toʻgʻrisida qarz beruvchi tomonidan koʻrib chiqilayotgan murojaati (murojaatlari) hamda uning barcha qarz beruvchilar bilan tuzilgan kredit (mikroqarz) shartnomalari, shuningdek qarz oluvchi kafil va/yoki birgalikda qarz oluvchi sifatida ishtirok etadigan kredit (mikroqarz) shartnomalari boʻyicha toʻlovlarning oʻrtacha oylik qiymati;
oʻrtacha oylik daromadlar miqdori — jismoniy shaxsning mehnatga haq toʻlash tarzidagi, shuningdek pensiya va boshqa daromadlari;
kreditni qayta moliyalashtirish — qarz oluvchining boshqa qarz beruvchilardan olgan kreditini (mikroqarzini) soʻndirish maqsadida nobank kredit tashkiloti tomonidan maqbul shartlar asosida kredit (mikroqarz) berilishi;
birgalikda qarz oluvchi — qarz oluvchi bilan kredit (mikroqarz) va uning foizlari boʻyicha oylik toʻlovlarda qatnashuvchi, shuningdek kredit (mikroqarz) boʻyicha solidar javob beruvchi jismoniy shaxs.
11. Ushbu Nizom talablari oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Qarz yuki koʻrsatkichi har bir qarz oluvchiga nobank kredit tashkiloti tomonidan kredit (mikroqarz) ajratishda, shu jumladan mazkur kredit (mikroqarz) boʻyicha oʻrtacha oylik toʻlovlar miqdorini oshirish (bundan shartnomada belgilangan oʻzgaruvchan foiz stavkasi oshishi munosabati bilan toʻlovlar miqdorining oshirilishi holatlari mustasno), kreditlash limitini oshirish hamda muddatni uzaytirish va boshqa qarz beruvchining kreditga (mikroqarzga) doir huquqlarini (talablarini) sotib olish yoki kreditni qayta moliyalashtirishga oid qaror qabul qilinganda (bundan buyon matnda kredit (mikroqarz) ajratish deb yuritiladi) hisoblanishi lozim.
Bunda, qarz yuki koʻrsatkichi:
nobank kredit tashkiloti tomonidan jismoniy shaxs boʻlgan qarz oluvchiga kredit (mikroqarz) ajratishda uning summasi va qarz oluvchining amaldagi kredit (mikroqarz) shartnomalari boʻyicha asosiy qarz qoldigʻi yigʻindisi bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmaganda;
mikromoliya tashkiloti tomonidan oʻzini oʻzi band qilgan shaxs boʻlgan qarz oluvchiga mikrokredit ajratishda uning summasi va qarz oluvchining amaldagi kredit (mikroqarz) shartnomalari boʻyicha asosiy qarz qoldigʻi yigʻindisi bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravaridan oshmaganda hisoblanmasligi yoki inobatga olinmasligi mumkin.
3. Nobank kredit tashkiloti tomonidan boshqa qarz beruvchining kreditga (mikroqarzga) doir huquqlari (talablari) sotib olinayotganda yoki kredit qayta moliyalashtirilayotganda, qarz yuki koʻrsatkichi hisob-kitobida qarz oluvchining mazkur kredit (mikroqarz) boʻyicha toʻlovlari takroran hisobga olinmaydi.
2-bob. Qarz oluvchining oʻrtacha oylik toʻlovlari miqdorini aniqlash
4. Oʻrtacha oylik toʻlovlar miqdori hisob-kitobiga quyidagi toʻlovlar kiritiladi:
qarz beruvchi tomonidan kredit (mikroqarz) ajratish toʻgʻrisida koʻrib chiqilayotgan murojaat boʻyicha;
nobank kredit tashkiloti tomonidan kredit (mikroqarz) ajratish toʻgʻrisida koʻrib chiqilayotgan murojaatda birgalikda qarz oluvchi nazarda tutilgan taqdirda, uning barcha qarz beruvchilar bilan tuzilgan har bir kredit (mikroqarz) shartnomasi boʻyicha;
qarz yuki koʻrsatkichini hisoblash sanasida qarz oluvchi va barcha qarz beruvchilar oʻrtasida tuzilgan hamda amalda boʻlgan barcha kredit (mikroqarz) shartnomalari boʻyicha;
qarz oluvchi kafillik shartnomasiga muvofiq kafil sifatida ishtirok etgan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha, agar qarz yuki koʻrsatkichini hisoblash sanasida ular boʻyicha 30 kundan ortiq muddati oʻtgan toʻlovlari mavjud boʻlsa.
41. Kredit (mikroqarz) shartnomasiga asosan uni soʻndirish muddati 36 oydan oshgan taqdirda, qarz yuki boʻyicha oʻrtacha oylik toʻlovlar miqdori hisob-kitobida kredit (mikroqarz) boʻyicha barcha toʻlovlar 36 oyga teng miqdorda taqsimlanadi.
5. Nobank kredit tashkiloti oʻrtacha oylik toʻlovlarni kredit byurosi tomonidan taqdim etiladigan kredit hisobotidagi va nobank kredit tashkiloti boshqa rasmiy manbalardan olgan maʼlumotlaridan foydalangan holda hisoblab chiqadi.
6. Qarz yuki koʻrsatkichini hisoblash va kredit (mikroqarz) berish sanasi oʻrtasidagi vaqt oraligʻi 10 kalendar kundan oshmasligi kerak.
3-bob. Qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadlari miqdorini aniqlash
7. Qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadlari miqdori qarz oluvchi tomonidan oxirgi 12 oy ichida olgan daromadlari miqdorining oʻrtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi.
Nobank kredit tashkiloti tomonidan koʻrib chiqilayotgan kredit (mikroqarz) ajratish haqidagi murojaatda birgalikda qarz oluvchi nazarda tutilgan boʻlsa, uning daromadlari ham oʻrtacha oylik daromadi hisob-kitobiga kiritiladi.
8. Nobank kredit tashkiloti qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadlarini aniqlashda qarz oluvchi tomonidan taqdim etilgan va/yoki oʻzi kredit byurodan yoki boshqa manbalardan mustaqil ravishda olgan maʼlumotlardan foydalanadi.
9. Nobank kredit tashkiloti qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadlarini aniqlashda quyidagi tasdiqlovchi hujjatlar va maʼlumotlardan foydalanish huquqiga ega:
ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan;
pensiya miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan;
fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya badallari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan;
qarz oluvchining bank hisobvaraqlariga tushgan daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan;
toʻlangan soliqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan;
foizlar, dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan.
Bunda, nobank kredit tashkiloti mazkur bandning ikkinchi — yettinchi xatboshilarida keltirilgan hujjatlar bilan cheklanmasdan boshqa maʼlumotlardan foydalanishi mumkin.
4-bob. Qarz yuki oʻsishini cheklash meʼyori
10. Nobank kredit tashkiloti tomonidan kredit (mikroqarz) ajratishda jismoniy shaxsning qarz yuki koʻrsatkichi 50 foizdan oshmasligi kerak, bundan mazkur Nizomning 2-bandi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollar mustasno.
11. Nobank kredit tashkiloti tomonidan jismoniy shaxslarga ajratiladigan kredit yoki mikroqarz boʻyicha foiz toʻlovlari hamda boshqa toʻlovlar (asosiy qarz toʻlovlari, shartnoma shartlarini bajarmaganlik uchun qoʻllaniladigan javobgarlik choralari bundan mustasno) yigʻindisi kredit yoki mikroqarzning asosiy qarz qoldigʻiga nisbatan kunlik 0,3 foizdan oshmasligi lozim.
Bunda, mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar qaysi davr uchun undiriladigan boʻlsa, kunlik foiz hisob-kitobida shu davrdagi kunlarga teng miqdorda taqsimlanadi.
111. Kredit yoki mikroqarz boʻyicha asosiy qarzdan tashqari barcha toʻlovlar, shu jumladan foizlar, vositachilik haqlari, neustoyka (jarima, penya), javobgarlikning boshqa choralari yigʻindisi yiliga qarz miqdorining yarmidan koʻpini tashkil etishi mumkin emas.
Bunda, qarz miqdori deganda:
kredit yoki mikroqarz shartnomasining muddati 12 oyga teng yoki undan kam boʻlganda shartnoma boʻyicha ajratilgan kredit yoki mikroqarzning miqdori;
kredit yoki mikroqarz shartnomasining muddati 12 oydan koʻp boʻlganda 12 oyga teng boʻlgan davrning boshidagi kredit yoki mikroqarz asosiy qarzining qoldigʻi;
12 oyga teng boʻlgan davr ichida kredit yoki mikroqarzning asosiy qarz miqdori oshganda, ushbu miqdor oshgan sanadan boshlab keyingi davr uchun oshgan kredit yoki mikroqarz asosiy qarzining qoldigʻi tushuniladi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan cheklov quyidagi tartibda hisob-kitob qilinadi:
Bunda,
qoldiqi — i davr uchun kredit yoki mikroqarz asosiy qismining oshmay turgan qoldigʻi;
kunlar_sonii — i davrdagi kredit yoki mikroqarz asosiy qismining qoldigʻi oshmay turgan kunlar soni;
i davr — kredit yoki mikroqarz qoldigʻi oshmay turgan muddat;
toʻlovlar — kredit yoki mikroqarz boʻyicha asosiy qarzdan tashqari barcha toʻlovlar, shu jumladan foizlar, vositachilik haqi, neustoyka (jarima, penya), javobgarlikning boshqa choralari;
muddat — 365 kun yoki kredit yoki mikroqarz shartnomasi muddati 12 oydan kam boʻlganda uning muddati kun hisobida.
Kredit yoki mikroqarz shartnomasi boʻyicha kredit yoki mikroqarzning asosiy qarzidan tashqari toʻlanadigan barcha toʻlovlarni hisoblashda mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan misollardan foydalaniladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
12. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
13. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2019-yil 6-dekabr
Mikromoliya tashkiloti va lombard tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha qarz oluvchi jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Kredit yoki mikroqarz boʻyicha asosiy qarzdan tashqari toʻlanadigan barcha toʻlovlarni hisoblash boʻyicha misollar
1) kredit yoki mikroqarz shartnomasining muddati 12 oyga teng yoki undan kam boʻlganda:
2) kredit yoki mikroqarz shartnomasining muddati 12 oydan koʻp boʻlganda:
3) 12 oyga teng boʻlgan davr ichida kredit yoki mikroqarzning asosiy qarz miqdori oshganda:
Bunda, toʻlovlarning eng koʻp miqdori:
a) X davr uchun:
X davrning dastlabki uch oyi uchun: 10 000 000 x 90 kun (yanv. -31 kun, fev. -28 kun, mar. -31 kun) x 50% = 1 232 876,71 365 + X davrning keyingi toʻqqiz oyi uchun: 15 000 000 x 275 kun (apr. -30 kun, ..., dek. -31 kun) x 50% = 5 650 684,93; 365 = 6 883 561,64;
b) Y davr uchun: 7 500 000 = 15 000 000 (12 oyga teng boʻlgan davrning boshiga qoldiq) x 50%;
v) Z davr uchun: 5 000 000 = 10 000 000 (12 oyga teng boʻlgan davrning boshiga qoldiq) x 50%.
