Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-dekabrdagi 1058-F-son farmoyishi (1058-F-son)
18.12.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Farmoyishi
Joriy yilning 18-dekabr kuni surunkali yogʻingarchilik oqibatida Toshkent metropoliteni Yunusobod yoʻnalishining qurilayotgan qismida tuproq koʻchishi sodir boʻlgan.
Yuzaga kelgan holatni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi kuch va vositalari safarbar qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq sodir boʻlgan hodisani kelib chiqish sabablari va oqibatlarini oʻrganish va uni zudlik bilan bartaraf qilish maqsadida:
1. Toshkent metropoliteni Yunusobod yoʻnalishining qurilayotgan qismida sodir boʻlgan hodisa sabablarini oʻrganish, oqibatlarini bartaraf etish hamda kelgusida shu kabi holatlarni oldini olish boʻyicha ilovaga muvofiq Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Hukumat komissiyasi deb ataladi) tashkil etilsin.
2. Hukumat komissiyasi (A.J. Ramatov):
sodir boʻlgan hodisa sabablarini va oqibatlarini joyida batafsil oʻrgansin;
zarur kuch va vositalarni jalb qilgan holda hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etilishini taʼminlasin;
hodisa oqibatida jabrlanganlar va ularning oila aʼzolariga tibbiy, ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatsin;
kelgusida shu kabi holatlarni oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni belgilasin va ijrosini qatʼiy nazoratga olsin;
kunlik amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;
oʻrganish natijalari yuzasidan tegishli xulosa tayyorlasin va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga taqdim etsin.
3. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchisi B.V. Gulyamov zimmasiga — Toshkent metropolitenining yer usti va yer osti metro yoʻnalishlari qurilishida sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I. Zakirov zimmasiga — Toshkent metropolitenining yer usti va yer osti metro yoʻnalishlari qurilishi jarayonida qurilish-montaj ishlari qatʼiyan tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga sodir boʻlgan hodisa hamda uning oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida aholini xabardor qilish maqsadida Hukumat komissiyasi ishini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-dekabr,
1058-F-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-dekabrdagi 1058-F-son farmoyishiga ILOVA
Toshkent metropoliteni Yunusobod yoʻnalishining qurilayotgan qismida sodir boʻlgan hodisa sabablarini oʻrganish, oqibatlarini bartaraf etish xamda kelgusida shu kabi holatlarni oldini olish boʻyicha Hukumat komissiyasi
TARKIBI
1. A.J. Ramatov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri, komissiya raisi 2. B.I. Zakirov — qurilish vaziri 3. B.V. Gulyamov — sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchisi 4. P.R. Bobojonov — ichki ishlar vaziri 5. A.X. Qoʻldoshev — favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari 6. A.Q. Shadmanov — sogʻliqni saqlash vaziri 7. I.R. Maxkamov — transport vazirining birinchi oʻrinbosari 8. T.A. Ishmetov — moliya vazirining birinchi oʻrinbosari 9. B.F. Islamov — davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi 10. B.E. Nishanov — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari 11. D.N. Sattorov — “Oʻzstandart” agentligi bosh direktori 12. X.N. Xasilov — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi 13. A.A. Zakirov — “Toshkentmetroproyekt” MChJ rahbari 14. D.A. Xidoyatov — Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari 15. Sh.A. Abidov — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kotibiyati mudiri, komissiya kotibi
Izoh. Hukumat komissiyasi tarkibiga zaruriyatga koʻra boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari jalb qilinishi mumkin.
