Asosiy fondlar qiymatini amaldagi narxlar boʻyicha qayta hisoblab chiqish ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida (293-son)
18.06.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Asosiy fondlar qiymatini yanada toʻlaroq hisobga olish hamda xalqaro amaliyotda qabul qilingan koʻrsatkichlar bilan qiyoslashni taʼminlash, xalq xoʻjaligini rivojlantirish samaradorligini aniq aks ettirish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirish uchun zarur zamin yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning asosiy fondlari qiymatini qayta hisoblab chiqish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, korxonalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
bir hafta muddat ichida asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish tartibi va formalarini tasarrufdagi barcha tashkilotlarga yetkazsinlar;
shu yilning 10-iyuliga qadar asosiy fondlar (uy-joy fondidan tashqari) qiymatining 1992-yil 1-aprelgacha boʻlgan holati belgilangan tartibga muvofiq qayta hisoblab chiqilsin.
3. Shu muddat ichida jamoa xoʻjaliklarida, mulkchilikning boshqa shakllaridagi korxonalar va tashkilotlarda asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish tavsiya etilsin.
4. Asosiy fondlarni toʻliq oʻz vaqtida va sifatli qayta hisoblab chiqish uchun shaxsan javobgarlik korxonalar, tashkilotlar va xoʻjaliklarning rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
Qayta hisoblab chiqish yakunlari haqidagi hisobot Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan belgilangan formalar, muddatlar va manzillar boʻyicha taqdim etiladi.
5. Belgilab qoʻyilsinki, mulkdan va ammortizatsiyadan olinadigan soliq asosiy fondlarning qayta hisoblab chiqilgunga qadar boʻlgan qiymatiga qarab 1992-yil oxirigacha hisoblab chiqariladi.
6. Asosiy fondlar va oborot mablagʻlariga oʻgʻirlash, kamomad, qasddan yoʻq qilish va yoki qasddan buzish natijasida yetkazilgan zarar hajmini aniqlashda qayta hisoblab chiqilgan xarid narxiga nisbatan 3,0 koeffitsiyenti qoʻllanilsin
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi:
bir hafta muddat ichida asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish boʻyicha maʼlumotlar taqdim etish tartibi va muddatlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda vazirliklar va idoralarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, konsernlarga, uyushmalarga, shuningdek, yuqori boshqaruv tuzilmasiga ega boʻlmagan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarga yetkazsin.
Shu yilning 1-sentabriga qadar umuman respublika boʻyicha asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish yakunlari haqidagi yigʻma maʼlumotlarni Vazirlar Mahkamasiga va nusxasini Moliya vazirligiga, Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasiga, Oʻzbekiston Davlat bankiga taqdim etsin.
8. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi bilan birgalikda 10 kun muddat ichida koʻp yillik oʻsimliklar qiymatini turlari boʻyicha qayta hisoblash indekslarini ishlab chiqsin hamda ularni korxonalar, tashkilotlar, xoʻjaliklar va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralarga yetkazsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qoʻmitasi bir oy muddat ichida asosiy fondlar baholab chiqilganligini hisobga olib, xususiylashtirilishi lozim boʻlgan obyektlarning dastlabki narxlarini aniqlashning tarmoq meʼyoriy va metodik tavsiyalarini ishlab chiqsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat statistika qoʻmitasiga korxonalar va tashkilotlar asosiy fondlarining 1992-yil 1-aprelgacha boʻlgan qiymatini qayta hisoblab chiqishni tayyorlash, oʻtkazish va yakunlarini umumlashtirish ishlarini olib borish uchun 1,6 mln. sum ajratsin.
11. “Oʻzshartnomasavdo” Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish formalari va tartibini koʻpaytirish uchun 0,3 tonna yozuv va 2 tonna gazeta qogʻozi ajratsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi komplekslarining rahbarlari zimmasiga yuklatilsin
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 18-iyun,
293-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 18-iyundagi 293-son qaroriga ILOVA
Asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish
TARTIBI
1. Qayta hisoblab chiqishga binolar (uy-joydan tashqari), inshootlar, uzatish qurilmalari, mashinalar va asbob-uskunalar, transport vositalari, chala obyektlar, ishlab chiqarish va xoʻjalik anjomlari, ish va mahsuldor chorva mollari, koʻp yillik oʻsimliklar va asosiy fondlarning boshqa turlari kiradi. Korxonalar tomonidan ijaraga berilgan asosiy fondlar, shuningdek, belgilangan tartibda konservatsiyalashga berilgan fondlar ularning egalari tomonidan umumiy shartlarga asosan qayta hisoblab chiqiladi.
2. Asosiy fondlar qiymatini xalq xoʻjaligi barcha tarmoqlarining korxonalari, tashkilotlari va muassasalari qayta hisoblab chiqadilar.
3. Asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish uchun qurilish-montaj ishlariga, mashinalar va asbob-uskunalarga umumtarmoq boʻyicha oʻrtacha olingan narxlar indeksi asos qilib olinadi. Indeksning qiymati tarmoqlararo balans va xalq xoʻjaligi tarmoqlaridagi narxlar indekslari boʻyicha qurilish strukturasiga qarab hisoblangan.
Asosiy fondlarning balans qiymatini, koʻp yillik oʻsimliklar va mahsuldor chorva mollaridan tashqari, mazkur tartibning 1-ilovasida keltirilgan narxlarning tegishli indekslariga koʻpaytirish kerak.
4. Oʻz balansida xalq xoʻjaligi turli tarmoqlarining asosiy fondlari boʻlgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar ularning har biri boʻyicha qayta hisoblab chiqadilar, bunda tarmoqqa mansub boʻlganlarning tegishli indekslaridan foydalanadilar (masalan, sanoat korxonasi oshxona, dam olish uyi, davolash muassasasi va boshqalarga ega).
1992-yil yanvardan boshlab shartnomaviy (erkin) narxlar boʻyicha olingan asosiy fondlar qayta hisoblab chiqilmaydi va ularning qiymati tarmoqqa mansub boʻlganlar boʻyicha alohida satrda koʻrsatilib, qayta hisoblab chiqilgan asosiy fondlarning umumiy qiymatiga qoʻshiladi.
5. Binolar va inshootlarning qiymati xalq xoʻjaligi tegishli tarmogʻining narxlar indeksi qiymatiga qarab qayta hisoblab chiqiladi. Masalan, ishlab chiqarish maqsadidagi va maʼmuriy binolar tegishli tarmoq indeksi, oshxona — umumiy ovqatlanish indeksi, transport boʻlinmalari — transport indeksi, tibbiyot punkti — sogʻliqni saqlash indeksi boʻyicha qayta hisoblab chiqiladi va hokazo.
Uzatish qurilmalari, mashinalar va asbob-uskunalar, transport vositalari, ishlab chiqarish va xoʻjalik anjomlarining qiymati xalq xoʻjaligining tegishli tarmoqlari mashinalari va asbob-uskunalari indeksiga koʻpaytiriladi.
Qayta hisoblab chiqishning ushbu tartibi uy-joy fondiga taalluqli emas, chunki uni xususiylashtirish jarayoni alohida tartibda, qayta hisoblab chiqishning boshqa indekslarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
6. Koʻp yillik oʻsimliklarning qiymati 2-ilovaga binoan qayta hisoblab chiqiladi, bunda ularning haqiqiy holati (qalinligi, yoshi va boshqalar)ga qarab tuzatilgan bir gektarning yangilangan qiymatidan (3 va 7-grafalarga muvofiq) kelib chiqiladi.
Mahsuldor va ish mollari qiymatining indeksi molning vazniga hamda har bir mol turining 1991-yil aprelgacha boʻlgan oʻrtacha sotish narxiga qarab chiqariladi
7. Asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish borasidagi bevosita ishlar korxonada maxsus tuzilgan komissiya tomonidan korxona rahbari boshchiligida amalga oshiriladi. Korxona rahbari bu ishlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishi, shuningdek, qayta hisoblab chiqishdan olingan natijalarning toʻliq va toʻgʻriligi uchun javob beradi.
Korxona komissiyasi asosiy fondlar va ularning eskirganligi balans qiymati vedomostini tuzadi (3-ilova), unga analitik hisob registrlaridan zarur maʼlumotlar kiritiladi va shular asosida qayta hisoblab chiqish natijalari buxgalteriya uchyotiga yoziladi. Asosiy fondlar qiymatini hisobga olish vedomostlarda ularning klassifikatsiyasiga qarab guruhlar boʻyicha oʻtkaziladi.
8. Korxona, birlashma va tashkilotlar buxgalteriya hisobotida asosiy fondlar qiymatining oʻzgargan summasini “Asosiy fondlar” 01-schyoti debeti va “Ustav fondi” 85-schyot krediti boʻyicha, chet el investitsiyalari qatnashadigan kichik va qoʻshma korxonalar esa “Maxsus maqsadlardagi fondlar” 88-schyot krediti boʻyicha aks ettiradilar.
9. Korxonalar asosiy fondlarning eskirganlik foizini 1992-yil 1-aprelgacha boʻlgan holat boʻyicha belgilaydilar. U eskirish summasining asosiy fondlar qiymatiga qayta hisoblab chiqilgan kunga nisbati sifatida hisoblanadi.
Aniqlangan eskirish foizi asosiy fondlarning qayta hisoblab chiqilgan qiymatiga koʻpaytiriladi va shu tariqa ularning eskirganligining yangi summasi olinadi. Eskirishning yangi summasi bilan balansda hisobga olingan summa oʻrtasidagi farqqa “Ustav fondi” 85-schyoti, chet el investitsiyalari qatnashadigan kichik va qoʻshma korxonalarda esa “Maxsus maqsadlardagi fondlar” 88-schyoti debet qilinadi va “Asosiy vositalarning eskirishi” 020-schyoti kredit qilinadi.
Asosiy fondlar qiymati va eskirish summasining oʻzgarishlari asosiy fondlarni hisobga olish inventar kartochkalarida yoki analitik hisobning boshqa registrlarida aks ettiriladi.
10. Narxlarning qoʻshimcha ravishda oshishining hamda korxonalar va tashkilotlarning daromadi kamayishining oldini olish uchun mulk va eskirish soligʻi 1992-yil oxirigacha, asosiy qiymati qayta hisoblangunga qadar boʻlgan qiymati boʻyicha hisoblab chiqariladi.
11. Budjet muassasalari asosiy fondlar qiymatining oʻzgarish summasini “Asosiy vositalar” (tegishli subschet) 01-schyoti debeti va “Asosiy vositalardagi fondlar” 250-schyoti krediti, asosiy fondlarning tobora eskirishi summasi esa “Asosiy vositalardagi fondlar” 250-schyoti debeti va “Asosiy fondlarning eskirishi” 020-schyoti krediti boʻyicha aks ettirishadi.
Izoh: Asosiy fondlarni qayta hisoblab chiqish namunalari ilova qilinmoqda.
Asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish tartibiga 1-ILOVA
1992-yilda asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblash chiqish INDEKSLARI
Asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish tartibiga 2-ILOVA
DAVLAT STATISTIKA HISOBOTI
Narxlar oshishi munosabati bilan koʻp yillik oʻsimliklarning balans qiymatini qayta hisoblab chiqish haqida 1992-yil 1-aprelgacha boʻlgan MAʼLUMOTLAR
Asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish tartibiga 3-ILOVA
DAVLAT STATISTIKA HISOBOTI
Narxlar oshishi munosabati bilan asosiy fondlar va ularning eskirganlik balans qiymatini qayta hisoblab chiqish haqida 1992-yil 1-aprelgacha boʻlgan MAʼLUMOTLAR
Asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish tartibiga 3-ILOVA
Asosiy fondlarni qayta hisoblab chiqish namunasi
DAVLAT STATISTIKA HISOBOTI
Narxlar oshishi munosabati bilan asosiy fondlar va ularning eskirganlik balans qiymatini qayta hisoblab chiqish haqida 1992-yil 1-aprelgacha boʻlgan MAʼLUMOTLAR
Boshqa tarmoqlarning asosiy ishlab chiqarish vositalari boʻyicha maʼlumotlarni toʻldirish namunasi
Asosiy fondlar qiymatini qayta hisoblab chiqish tartibiga 3-ILOVA
Asosiy fondlarni qayta hisoblab chiqish namunasi
DAVLAT STATISTIKA HISOBOTI
Narxlar oshishi munosabati bilan asosiy fondlar va ularning eskirganlik balans qiymatini qayta hisoblab chiqish haqida 1992-yil 1-aprelgacha boʻlgan MAʼLUMOTLAR
