50-modda. Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining kuzatuv kengashi
Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida (O‘RQ-595-son) · Sana: 16.12.2019 · Amalda
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bolani tarbiyalash, rivojlantirish va unga taʼlim berishga koʻmaklashish maqsadida kuzatuv kengashi tashkil etilib, uning tarkibi ushbu tashkilotga boradigan bolalarning qonuniy vakillari, oʻz xodimlari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari orasidan shakllantiriladi.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining kuzatuv kengashi:
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga kelishishga kiritish uchun tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarini belgilaydi, shuningdek uni egallab turgan lavozimidan ozod etish yuzasidan takliflar kiritadi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarining ushbu tashkilot faoliyatini takomillashtirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar, moliya-xoʻjalik holati, daromadlar va xarajatlar, budjet mablagʻlaridan, budjetdan tashqari, homiylik va boshqa mablagʻlardan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarining va boshqa xodimlarining faoliyatiga taalluqli ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazadi;
tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlariga davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarlarini va boshqa xodimlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida takliflar kiritadi.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining kuzatuv kengashi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti kuzatuv kengashining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
