44-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir cheklovlar
Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida (O‘RQ-595-son) · Sana: 16.12.2019 · Amalda
Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, pedagogik faoliyatni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklari yoki jismoniy nuqsonlari boʻlgan shaxslar, shuningdek qasddan jinoyatlar sodir etganligi uchun ilgari hukm qilingan shaxslar maktabgacha taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida bolalarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zoʻravonlikka oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil muddat davomida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Ilgari oʻzining aybli harakatlari sababli mehnat shartnomasi tugatilgan shaxslar, shuningdek qoʻllanilgan jazo chorasidan, sudlanganligi holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan hamda oʻziga nisbatan amnistiya yoki afv etish akti qoʻllanilganligidan qatʼi nazar, qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar, jinoyat ishlari aybdorligi toʻgʻrisidagi masala hal etilmagan holda tugatilgan jinoyatlar sodir etgan shaxslar maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimi organlari va tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas.
Qonunda maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir boshqa cheklovlar ham belgilanishi mumkin.
