38-modda. Bolaning qonuniy vakillarining huquq va majburiyatlari
Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida (O‘RQ-595-son) · Sana: 16.12.2019 · Amalda
Bolaning qonuniy vakillari quyidagi huquqlarga ega:
bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
oʻz bolasi uchun maktabgacha taʼlim shaklini va taʼlim olish tilini tanlash;
maktabgacha taʼlim tashkilotlari maʼmuriyatidan maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan zarur shart-sharoitlar taʼminlanishini talab qilish;
maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolani rivojlantirish, unga maktabgacha taʼlim va tarbiya berish masalalari yuzasidan davlat organlariga murojaat qilish;
bolaga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishni talab qilish;
maktabgacha taʼlim tashkilotidagi taʼlim-tarbiya jarayoni tashkil etilishida ishtirok etish;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining kuzatuv kengashi tarkibini saylash va unga saylanish.
Bolaning qonuniy vakillari qonunchilikka va shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Bolaning qonuniy vakillari:
bolaning jismoniy sogʻligʻi, ruhiy holati haqida qaygʻurishi, uning tabiiy qobiliyatlari, ishtiyoqlari va isteʼdodlarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi;
bolaning maktabgacha taʼlim tashkilotlarida maktabgacha taʼlim va tarbiya olishiga koʻmaklashishi yoki uning oilada taʼlim va tarbiya olishini taʼminlashi;
maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi taʼlim-tarbiya jarayoni boshqa ishtirokchilarining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi;
bolalarni Vatanga muhabbat, mehnatga, oʻz xalqining milliy, tarixiy, madaniy qadriyatlariga, shuningdek umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda boʻlish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalashi;
oilada bolaning har tomonlama rivojlanishi, taʼlim va tarbiya olishi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart.
Bolaning qonuniy vakillarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Bolalarning umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga kirguniga qadar umumiy oʻrta taʼlimga bir yillik majburiy tayyorgarlik koʻrishi uchun javobgarlik ularning qonuniy vakillari zimmasiga yuklatiladi.
