3-modda. Asosiy tushunchalar
Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida (O‘RQ-595-son) · Sana: 16.12.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
alohida taʼlim olish ehtiyojlari boʻlgan bolalar — nogironligi boʻlganidan yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, oila, pedagoglar, mutaxassislar, jamiyat va davlatning alohida eʼtiboriga muhtoj boʻlgan individual ehtiyojlarga ega bolalar;
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti — davlat tomonidan moliyalashtiriladigan va boshqariladigan hamda maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standartiga muvofiq maktabgacha taʼlim va tarbiya xizmatlari koʻrsatuvchi tashkilot;
inklyuziv taʼlim va tarbiya — bolalarning alohida taʼlim olishga boʻlgan ehtiyojlarini hamda individual imkoniyatlarini hisobga olgan holda taʼlim va tarbiya olishi uchun teng imkoniyatlarni taʼminlaydigan jarayon;
maktabgacha boʻlgan yosh — bolalarning tugʻilgan paytidan yetti yoshgacha, to ularga umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida taʼlim berish boshlangan paytga qadar boʻlgan yoshi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya — bolalarga taʼlim va tarbiya berishga, ularni intellektual, maʼnaviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlashga qaratilgan uzluksiz taʼlim turi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat standarti — taʼlim-tarbiya jarayonining hajmiga, mazmuniga va sifatiga, maktabgacha taʼlim tashkilotini qurish va jihozlashga, shuningdek maktabgacha yoshdagi bolalarning sogʻlom ovqatlanishini va xavfsizligini tashkil etishga doir majburiy talablar majmui;
maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi — bola tomonidan oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan asosiy bilimlarning, mahorat va koʻnikmalarning hajmini hamda mazmunini belgilovchi, shuningdek taʼlim va tarbiya mazmunining oʻziga xosligini, taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi hujjat;
maktabgacha taʼlim tashkiloti — maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida taʼlim va tarbiya xizmatlari koʻrsatuvchi davlat va nodavlat tashkiloti;
nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti — nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziya asosida maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida taʼlim va tarbiya xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
pedagogning kasbiy standarti — maktabgacha taʼlim tashkiloti pedagogining shaxsiy kasbiy sifatlariga, bilimlariga, mahorati va koʻnikmalariga doir asosiy talablar majmui;
