24-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotining huquq va majburiyatlari
Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida (O‘RQ-595-son) · Sana: 16.12.2019 · Amalda
Maktabgacha taʼlim tashkiloti:
maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi asosida oʻz taʼlim dasturini ishlab chiqishga;
bolaning qonuniy vakillari bilan tuzilgan shartnoma asosida maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturida nazarda tutilganidan tashqari qoʻshimcha pulli taʼlim xizmatlari koʻrsatishga;
bolaning qonuniy vakillari bilan taʼlim va tarbiya borasida hamkorlikni amalga oshirishga haqli.
Maktabgacha taʼlim tashkiloti qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Maktabgacha taʼlim tashkiloti:
davlat maktabgacha taʼlim va tarbiya standarti talablariga mos keladigan maktabgacha taʼlim darajasini taʼminlashi;
bolalarning rivojlanishi, taʼlim va tarbiya olishi uchun xavfsiz shart-sharoitlar yaratishi;
bolaga taʼlim va tarbiya berish masalalari yuzasidan uning qonuniy vakillariga maslahat yordamini berishi;
bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga tahdidlar, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi faktlari toʻgʻrisida vakolatli organlarni xabardor qilishi shart.
Maktabgacha taʼlim tashkilotining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
