“10-modda. Kreditorlar va kreditorlarning yigʻilishi — “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-594-son)
“10-modda. Kreditorlar va kreditorlarning yigʻilishi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-594-son) · Sana: 13.12.2019 · Amalda
Bankrotlik taomillari qoʻllanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini ushbu Qonunga muvofiq tuziladigan kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi himoya qiladi. Iqtisodiy sud bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizani ish yuritishga qabul qilib olgan paytdan eʼtiboran kreditorlar qarzdorga oʻz talablarini qanoatlantirish maqsadida yakka tartibda murojaat qilishga haqli emas.
Hamma kreditorlar nomidan qarzdorga nisbatan barcha harakatlar kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Kreditorlar yigʻilishida qarzdor xodimlarining vakili, sud boshqaruvchisi, qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining vakili ovoz berish huquqisiz ishtirok etadi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda yagona kreditor ishtirok etgan hollarda kreditorlar yigʻilishining mutlaq vakolatlariga taalluqli qarorlarni qabul qilishni shu kreditorning oʻzi amalga oshiradi.
Kreditorlar yigʻilishining mutlaq vakolatlari jumlasiga quyidagi qarorlarni qabul qilish kiradi:
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qaror;
kreditorlar qoʻmitasi aʼzolarini saylash, qoʻmitaning miqdoriy tarkibini belgilash va aʼzolarning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisidagi qaror;
sud sanatsiyasini yoki tashqi boshqaruvni joriy etish va ularning muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish haqidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish toʻgʻrisidagi qaror;
sud sanatsiyasining rejasini tasdiqlash hamda qarzlarni uzish jadvalini maʼqullash haqidagi qaror;
tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror.
Kreditorlar yigʻilishini tashkil etish va oʻtkazish sud boshqaruvchisi tomonidan amalga oshiriladi.
Kreditorlar yigʻilishi, basharti unda qarzdorning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlari umumiy summasining kamida uchdan ikki qismi miqdorida talablar bildirayotgan, ovoz berish huquqiga ega boʻlgan kreditorlar hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Kreditorlar yigʻilishda oʻz vakillari orqali ham ishtirok etishi mumkin. Kvorum mavjud boʻlmagan taqdirda, oʻn kunlik muddat ichida kreditorlarning takroriy yigʻilishi chaqiriladi, basharti yigʻilishni oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida kreditorlar lozim darajada xabardor etilgan boʻlsa, takroriy yigʻilish hozir boʻlgan kreditorlarning sonidan qatʼi nazar, vakolatli hisoblanadi.
Bir turdagi kreditorlar quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
birinchi guruh — qarzdorning garov bilan taʼminlangan majburiyatlari boʻyicha kreditorlar;
ikkinchi guruh — qarzdorga nisbatan garov bilan taʼminlanmagan shartnomalardan, mahsulot yetkazib berish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish, shuningdek majburiy sugʻurta va bank kreditlarini sugʻurtalash shartnomalaridan kelib chiqadigan talablar boʻyicha kreditorlar;
uchinchi guruh — majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditorlar;
toʻrtinchi guruh — mehnat shartnomalariga koʻra mehnatga haq toʻlash va kompensatsiyalar toʻlash boʻyicha, alimentlar undirish toʻgʻrisidagi talablarni qanoatlantirish uchun hisobvaraqdan pul mablagʻlarini oʻtkazishni yoki berishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha, mualliflik shartnomalari yuzasidan haq toʻlash boʻyicha, qarzdorning mehnatga oid munosabatlardan va ularga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi toʻlovlar hamda talablar boʻyicha majburiyatlari teng darajada bajarilishini taʼminlaydigan talablar, shuningdek fuqarolarning jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida oʻz mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashga doir talablari boʻyicha kreditorlar;
beshinchi guruh — hisoblangan dividendlar boʻyicha qarzdorning aksiyalari egalari.
Kreditorlar yigʻilishida ushbu modda beshinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan masalalarni koʻrib chiqishda birinchi, ikkinchi va uchinchi guruh kreditorlari ovoz berish huquqiga ega.
Kreditorlar yigʻilishida ushbu modda beshinchi qismining toʻrtinchi, beshinchi, oltinchi va yettinchi xatboshilarida koʻrsatilgan masalalarni koʻrib chiqishda birinchi hamda ikkinchi guruh kreditorlari ovoz berish huquqiga ega.
Kreditor oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan sud qarori, kreditorlar yigʻilishining qarori, sud boshqaruvchisining harakatlari (harakatsizligi), shuningdek bankrotlik taomilini amalga oshirish chogʻida sud boshqaruvchisi uning talablarini qanoatlantirishni rad etganligi ustidan shikoyat berishga haqli.
Agar kreditor qarzdorga taalluqli tan olingan talablarni saqlovchi boʻlsa, kreditorlar yigʻilishida ovoz berish huquqiga ega boʻladi.
Kreditorlar yigʻilishida bayonnoma yuritiladi.
Kreditorlar yigʻilishi bayonnomasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilayotgan sanadagi holatga koʻra kreditorlarning talablari reyestri;
kreditorlar vakillarining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
kreditorlar yigʻilishi ishtirokchilarining roʻyxatga olish varaqlari;
kreditorlar yigʻilishi ishtirokchilariga tanishib chiqish va (yoki) tasdiqlash uchun taqdim etilgan materiallar;
kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida kreditorlar hamda vakolatli organlar tegishli tarzda xabardor etilganligining dalillari;
ovoz berish byulletenlari;
sud boshqaruvchisining ixtiyoriga koʻra yoki kreditorlar yigʻilishi qaroriga binoan boshqa hujjatlar.
Kreditorlar yigʻilishining bayonnomasi hamda unga ilova qilingan hujjatlar kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran ikki kundan kechiktirmay iqtisodiy sudga topshirilishi lozim”;
7) 13-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ovozga qoʻyilgan masalalar boʻyicha kreditorlar yigʻilishining qarori yigʻilishda hozir boʻlgan ovoz berish huquqiga ega kreditorlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovoz berish huquqiga ega boʻlgan har bir kreditor kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilayotgan sanadagi holatga koʻra umumiy kreditorlik qarzidagi oʻz ulushiga mutanosib ovozlar soniga ega boʻladi.
Kreditorlar yigʻilishi quyidagi qarorlarni ovoz berish huquqiga ega boʻlgan barcha kreditorlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qiladi:
kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qaror;
sud sanatsiyasini yoki tashqi boshqaruvni joriy etish, uning muddatini uzaytirish yoki uni muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish haqidagi qaror;
qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish toʻgʻrisidagi qaror;
sud boshqaruvchisini tayinlash, almashtirish yoki vazifasidan ozod qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish haqidagi qaror.
Agar kreditorlarning yigʻilishida ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarni qabul qilish uchun ovoz berish huquqiga ega boʻlgan kreditorlarning zarur kvorumi boʻlmasa, kreditorlarning takroriy yigʻilishi chaqiriladi, basharti kreditorlarning yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy toʻgʻrisida kreditorlar lozim darajada xabardor etilgan boʻlsa, ushbu takroriy yigʻilish bunday qarorlarni ovoz berish huquqiga ega boʻlgan va yigʻilishda hozir boʻlgan kreditorlar sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilishga vakolatli hisoblanadi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslar kreditorlar yigʻilishining qarori ustidan iqtisodiy sudga shikoyat berishga haqli.
Sud sanatsiyasini yoki tashqi boshqaruvni joriy etish, uning muddatini uzaytirish yoki uni muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat qilish haqidagi qaror, agar buni yoqlab birinchi va ikkinchi guruh kreditorlarining koʻpchiligi ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan deb hisoblanadi. Birinchi va ikkinchi guruhlarning har biridagi kreditorlarning koʻpchiligi qarshi ovoz bergan taqdirda, shuningdek ovoz berish chogʻida guruhlardan biridagi kreditorlarning zarur ovozlari soni toʻplanmagan taqdirda, qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat qilish haqida qaror qabul qilinadi.
Ovoz berish huquqiga ega boʻlgan har bir guruh kreditorlari ovoz berishda ishtirok etish uchun teng huquqqa ega”;
8) 15-moddaning sakkizinchi qismidagi “maslahat ovozi huquqi bilan” degan soʻzlar “ovoz berish huquqisiz” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
9) 28-moddaning:
birinchi qismidagi “kelishuv bitimi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning bankrotligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishda tugatishga doir ish yuritish taomili qoʻllaniladi”;
10) 49-moddadagi “ikki oylik” degan soʻzlar “bir oylik” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
11) 57-modda quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Korxonaning rahbariga yoki muassislariga (ishtirokchilariga) yoxud mulkdoriga nisbatan korxonani bankrotlikka olib kelgan harakatlari (harakatsizligi) uchun jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan taqdirda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar toʻxtatib turiladi”;
12) 65-moddaning birinchi qismi va beshinchi qismining ikkinchi jumlasi “bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi” degan soʻzlardan keyin “yoxud sud boshqaruvchilarining professional birlashmasi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
13) 67-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“kreditorning talabiga koʻra qarzdorning moliyaviy ahvoli va (yoki) oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oʻn kunlik muddatda taqdim etishi”;
beshinchi xatboshisi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
14) 78-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sud sanatsiyasi koʻpi bilan yigirma toʻrt oy muddatga joriy etiladi”;
15) 79-modda:
quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Iqtisodiy sudning sud sanatsiyasini joriy etish toʻgʻrisidagi ajrimi qarzdor bankrotlik toʻgʻrisidagi ish qoʻzgʻatilguniga qadar tuzgan shartnomalarni bajarishni toʻxtatish yoki ularni bajarishni rad etish uchun asos boʻla olmaydi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno”;
oltinchi qismi yettinchi qism deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi va kreditorlar bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilganidan keyin yoki qarzdorni bankrot deb topish haqida ariza berilishidan oldingi yigirma toʻrt oy ichida tuzilgan shartnomalarni bekor qilishni quyidagi holatlardan biri mavjud boʻlgan taqdirda talab qilish huquqiga ega:
shartnomalarni bajarish qarzdorga zarar yetkazsa va (yoki) qiyosiy holatlarda tuziladigan xuddi shunday shartnomalarga nisbatan qarzdorning, kreditorlarning, qarzdor majburiyatlarining bajarilishini taʼminlovchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzsa;
shartnoma bir yildan ortiq muddatga tuzilgan va qarzdor uchun faqat uzoq istiqbolda ijobiy natijalar olishga moʻljallangan boʻlsa”;
16) 82-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“kreditorning talabiga koʻra qarzdorning moliyaviy ahvoli va (yoki) oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oʻn kunlik muddatda taqdim etishi”;
beshinchi xatboshisi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
17) 83-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqilayotganda ovoz berishda birinchi va ikkinchi guruh kreditorlari ishtirok etadi.
Kreditorlar yigʻilishining sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori birinchi va ikkinchi guruhlarning har biridagi kreditorlarning koʻpchiligi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilingan deb hisoblanadi. Bunda ovoz berish huquqiga ega boʻlgan va sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlashga qarshi ovoz bergan kreditor yoki kreditorlar qarzdor tugatilgan taqdirda kamida olishi mumkin boʻlgan kafolatli tovonga teng tovon olish huquqiga ega.
Agar birinchi va ikkinchi guruhlarning har biridagi kreditorlar sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilmasa, shuningdek ovoz berish chogʻida guruhlardan biridagi kreditorlarning zarur ovozi toʻplanmasa, qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi”;
ikkinchi — beshinchi qismlari tegishincha beshinchi — sakkizinchi qismlar deb hisoblansin;
18) 84-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: “10-modda. Kreditorlar va kreditorlarning yigʻilishi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-594-son). neolex.uz/uz/laws/law-4643220/10 (lex.uz/docs/-4643218)