6-modda. Vazirlar Mahkamasini shakllantirish tartibi
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-591-son) · Sana: 10.12.2019 · Amalda
Bosh vazir nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir lavozimiga taqdim etilgan nomzodni koʻrib chiqqanidan keyin oʻn kunlik muddatda uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi koʻrib chiqilayotgan va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturini taqdim etadi.
Bosh vazir nomzodi, agar uni yoqlab tegishincha Qonunchilik palatasi deputatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) aʼzolari umumiy sonining yarmidan koʻpi ovoz bersa, tasdiqlangan hisoblanadi.
Agar ovoz berish chogʻida Bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasida yoki Senatda Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Senat aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozini ololmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan qoʻshimcha maslahatlashuvlar oʻtkazganidan keyin Bosh vazir lavozimiga nomzodni yana bir marta taqdim etish huquqiga ega.
Vazirlar Mahkamasi aʼzolari Bosh vazirning Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzod Qonunchilik palatasidagi masʼul qoʻmita, siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlari tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqiladi va maʼqullanadi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzosi lavozimiga nomzod uning nomzodini Qonunchilik palatasida koʻrib chiqish va maʼqullash chogʻida Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan, istiqbolga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini taqdim etadi.
