38-modda. Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorligi
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-591-son) · Sana: 10.12.2019 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini, Davlat budjetining asosiy parametrlarini va unga oʻzgartishlarni ishlab chiqadi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan maʼruzalar taqdim etadi.
Bosh vazir Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzolari bilan birgalikda har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari zarur boʻlgan hollarda oʻz majlislarida Bosh vazirning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ayrim dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini qonunga muvofiq parlament soʻrovi tartibida eshitishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari Vazirlar Mahkamasi ayrim aʼzosining oʻzi rahbarlik qilayotgan davlat boshqaruvi organi faoliyati masalalari yuzasidan axborotini eshitishi hamda zarur boʻlganda uni isteʼfoga chiqarish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti koʻrib chiqishi uchun taklif kiritishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzolari Qonunchilik palatasining majlisida Qonunchilik palatasi deputatlarining savollariga javoblarni taqdim etadi (“hukumat soati”).
Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, ularning qoʻmitalari hamda komissiyalari majlislarida hozir boʻlishi va soʻzga chiqishi mumkin.
Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari tomonidan Vazirlar Mahkamasi yoki uning ayrim aʼzolari faoliyatiga taalluqli masalalar qoʻyilgan taqdirda, Bosh vazir shu masalalar yuzasidan zarur tushuntirishlar olish va tushuntirishlar berishga haqli.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qoʻmitalari va komissiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati faoliyati masalalariga doir tavsiyalari va takliflarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan chora-tadbirlar koʻradi. Tavsiyalar va takliflarni koʻrib chiqish natijalari haqida hamda koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tegishli qoʻmitalarini va komissiyalarini kelishilgan muddatda xabardor qiladi.
