27-modda. Vazirlar Mahkamasining apparati
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-591-son) · Sana: 10.12.2019 · Amalda
Vazirlar Mahkamasining apparati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va bayonnoma jihatdan taʼminlashni, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari loyihalarini tayyorlashni, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan “yoʻl xaritalarini”, jadvallarni, harakatlar dasturlarini, amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi apparatining va uning tarkibiy boʻlinmalarining ish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tegishli nizomlar bilan belgilanadi.
Bosh vazir, Bosh vazirning iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari va maslahatchilari kotibiyatlarining mudirlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazir tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh vazirning, Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilarining kotibiyatlari, Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari ishini muvofiqlashtirish Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi tomonidan amalga oshiriladi.
