19-modda. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlariga rahbarlik qilish
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-591-son) · Sana: 10.12.2019 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi hamda yoʻnaltiradi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari oʻzlari olib borayotgan davlat siyosatining sifatli va samarali amalga oshirilishi uchun Vazirlar Mahkamasi oldida javobgardir.
Vazirlar, davlat qoʻmitalari raislari va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan takliflar, tahliliy hamda boshqa hujjatlarning, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va har tomonlama ishlab chiqilishi, shuningdek ularni amalga oshirishning pirovard natijalari va oqibatlari uchun shaxsan javobgar boʻladi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari toʻgʻrisidagi nizomlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat budjeti hisobidan taʼminlanadigan vazirliklarning, davlat qoʻmitalarining hamda boshqa davlat boshqaruvi organlarining markaziy devonlari xodimlarining cheklangan soni va ularning taʼminoti uchun ajratiladigan mablagʻlar miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklarni, davlat qoʻmitalarini va boshqa davlat boshqaruvi organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Vazirlarning va davlat qoʻmitalari raislarining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Boshqa davlat boshqaruvi organlarining rahbarlari hamda ularning oʻrinbosarlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Davlat boshqaruvi organlari hayʼatlarining aʼzolari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi maqsadli vazifalarning bajarilishini vazirliklarning, davlat qoʻmitalarining va boshqa davlat boshqaruvi organlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarning bajarilishini baholashning asosiy mezonlarini hisobga olgan holda taʼminlaydi.
