10-modda. Vazirlar Mahkamasining budjet, moliya, pul-kredit siyosatini amalga oshirish sohasidagi vakolatlari
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-591-son) · Sana: 10.12.2019 · Amalda
Vazirlar Mahkamasi:
budjet, moliya, pul-kredit siyosati sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari, respublikani iqtisodiy hamda ijtimoiy rivojlantirish prognozlarini va eng muhim dasturlarini inobatga olgan holda soliq hamda budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari ishlab chiqilishini va bajarilishini tashkil etadi;
xarajatlarning ijtimoiy yoʻnaltirilganligini saqlab qolgan holda Davlat budjetining barcha darajalarida mutanosiblikni taʼminlash, mahalliy budjetlarning daromad qismini mustahkamlash choralarini amalga oshiradi;
samarali fiskal siyosat olib boradi, soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligi tizimining sifati va samaradorligini oshirish choralarini koʻradi;
davlat qarzini boshqarish boʻyicha choralar koʻradi, xususan, davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish uchun ustuvor yoʻnalishlarni belgilaydi, Oʻzbekiston Respublikasi nomidan davlat qarziga oid shartnomalarni va ularga doir qoʻshimcha kelishuvlarni tuzadi, davlat qarzini boshqarish strategiyasini tasdiqlaydi hamda uning amalga oshirilishini nazorat qiladi, davlat qarzining makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turilishini taʼminlaydi;
pul-kredit siyosatini takomillashtirish, valyuta siyosatini liberallashtirish, valyutani tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek milliy valyutaning barqarorligini taʼminlash choralarini koʻradi;
bank tizimining barqarorligini taʼminlaydi, ushbu tizimning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, shuningdek sugʻurta, lizing va boshqa moliya institutlarini rivojlantirish boʻyicha choralarni amalga oshiradi.
